Baliq boshidan... yoxud rais buvaning “ixcham” to‘yi

Rais buva yangi mashina oldi. Qishloqda unga  havas qilmagan qolmadi. Endi rais buvani benzin va gazning narxi oshishi qiziqtirmaydi. Elektr energiyasida uzilish bo‘lmasa bo‘lgani.

Asosiy gap bu yoqda - rais buva to‘y qildi. “Ixchamgina”...

***

- Ota, - dedi rais buvaga o‘g‘li. – Nevarangizning ko‘ngliga qarasangiz, uyatga qolamiz. Uning yigirmadan ziyod o‘rtog‘i bo‘lsa, har biri “ZAGS”ga bittadan “Kaptiva”da borishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Quda bilan gaplashdim, kelinning dugonalari uchun bitta mashina yetarkan. Ular tomondan bor-yo‘g‘i to‘rt qiz borarkan dugona bo‘lib. Bazmniyam ellik kishilik qilib o‘tkazaveraylik. Ortiqcha xarajat uvol degani-ku, axir. Sadir bobo nogiron nevarasining oyog‘ini operatsiya qildirish uchun pul izlab yurgan ekan. Behuda ketadigan pullarni iqtisod qilib, ularga yordam qilsak, savob bo‘lardi.

- Hech bir so‘m behuda ketmaydi. Nevaram bilan kelishib oldik. Hayotida bir marta bo‘ladigan to‘y bu. Qolganini o‘zimizga qo‘yib ber. Sen uyatga qolmaysan.

- Aroq qo‘ymaymiz.

- Sen ichmagan bo‘lsang, men ichganman hammaning to‘yida. Usiz to‘y to‘yday bo‘lmaydi. Shu to‘ng‘ichingning to‘yini o‘tkazishda men bosh bo‘lay, keyingilarida aralashmayman.

- Eh...

***

- Bolam, - dedi rais buva nevarasiga. – Shu to‘yning rejasini sen o‘ylagandek tuzdim-u, ammo mashinalar masalasida sal o‘ylanib turibman-da.

- Bobo, elektromobilingizni qizg‘anyapsizmi?

- Yo‘q, gap undamas. Uni to‘y kuni o‘zing boshqarasan. O‘rtoqlaringning yigirmata “Kaptiva” qo‘shishi...

- Ey, bobo, men ularga qo‘shganman-ku, qaytarishlari kerak-da endi ular ham.

- Shu o‘rtoqlaringga aytsang...

- Bobo-yey, yo‘q, hech narsa deb aytmayman, o‘zi hayotda bir marta uylansam, dadam ham bir haftadan beri boshimni qotirib yotibdi. O‘zingiz qo‘shnilarga maqtangandingiz-ku, shu nevaramning to‘yini zo‘r o‘tkazib beraman, deb.

- Dadang hokimiyatda ishlaydi-da, ertaga kimdir...

- Bo‘pti, shu umrimda bir marta bo‘ladigan to‘yni boshqalarnikiday o‘tkazolmaymizmi?

- Xo‘p, mayli, bolam, baqirma, asabiylashma! Bir gap bo‘lar.

***

- Rais buva, vaziyat chatoq, - dedi profilaktika inspektori. – To‘ydan oldin gaplarimga quloq solmagandingiz. Qaysi gazetani o‘qimang, siz haqingizda yozilgan “Rais buvaning to‘yi” sarlavhali maqolalarga ko‘zingiz tushadi. Internetdagi qaysi kanalni ochmang, nevarangizning to‘yidan videolavhalar chiqib kelyapti. Kuyov bola boshqargan elektromobilingiz simyog‘ochga urilgani, yigirmadan ziyod “Kaptiva”lar ikki taraflama yo‘lni to‘ldirib, boshqalarga xalal bergani...

- Ko‘ryapman, uka, xabarim bor. Nima qipti, bir “mashhur” bo‘ldik-da...

- Viloyatdan ishchi guruh kelarkan. Tumanning barcha mahallalarida sizning to‘yingiz muhokama qilinib, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilarkan.

- Bemalol kelaversin, qatnashamiz! Aybimizga yarasha jazo ham olishimiz kerakligini bilib turibman.

***

- Bugungi kunda mamlakatimizda to‘ylarni qisqartirish masalasi ko‘rilayotgan bir paytda, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan odamlarning qilgan ishini qarang, - dedi viloyat ishchi guruhi rahbari va to‘ylarni ixchamlashtirish masalasida juda ko‘p yaxshi gaplarni gapirdi. – Kimda savollar bo‘lsa, marhamat!

- Menda savol bor, - dedi rais buva. – O‘sha butun mamlakatga tanilgan qahramon menman. Bundan afsusdaman ham. Ammo mana, siz viloyatda “katta”lardan biri ekansiz. Yaqinda birorta to‘y o‘tkazdingizmi?

- To‘rt yil avval o‘g‘limni uylantirgandim.

- Shu to‘yda necha kishi ishtirok etdi, qancha mashina qo‘shilgan, dasturxonda spirtli ichimlik bormidi, deb savollarga ko‘mib tashlamoqchi emasman. O‘sha to‘yning videokassetasini olib keling, bizga katta monitorda qo‘yib bering, mana namuna, deb. Shu o‘tkazgan to‘yingizni tomosha qilib, o‘rnak olaylik. Nima, deysiz?

- ...

- A, “katta” aka?! Yo siz o‘tkazgan to‘y namuna bo‘lolmaydimi?

- Siz haqsiz, rais buva. O‘sha paytda namuna qilib ko‘rsatadigan darajada to‘y qilmagan ekanman. Ammo endi yaqinda ikkinchi o‘g‘limni uylantiraman. Bu safar siz aytgandek bo‘ladi va albatta, shu qishloqqa kelib, sizlarga namuna qilib ko‘rsataman.

- Yashang!

To‘lqin Siddiqov.