Bulung‘urdagi Amir Temurning mudofaa qal’asi qayta tiklanadimi?

Bulung‘ur tumanida 19 ta arxeologik, 6 ta arxitektura madaniy meros ob’yekti ro‘yxatga olingan bo‘lib, sayyohlar diqqatini tortadigan joylar turizm maskaniga aylantirilmoqda. Jumladan, Erganakli mahallasidagi Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohi hamda Sheroz qal’a yodgorligida amaliy ishlar boshlangan.
Bu haqda tuman hokimligi tomonidan hududdagi diqqatga sazovor joylarga uyushtirilgan press-tur davomida batafsil ma’lumot berildi.
Tuman hokimining o‘rinbosari Azizbek Bo‘riboyevning ta’kidlashicha, davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tumandagi "Erganakli" mahalla fuqarolar yig‘iniga “turizm qishlog‘i” maqomini berish belgilangan. Bugungi kunga qadar Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohiga olib boruvchi 5,5 kilometr yo‘l to‘liq asfaltlanib, 6,5 kilometr ichimlik suvi va 5,5 kilometr elektr tarmoqlari tortilgan.
Xo‘ja Hofiz Merosiy maqbarasi Qur’oni Karimni yetti qiroatda o‘qigan alloma nomi bilan bog‘liq, - deydi Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohi va Sheroz qal’a yodgorligi rahbari Narzulla Qoraboyev. - O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan tarixiy manbalarga ko‘ra, Xo‘ja Hofiz Merosiy 1475 yilda Bulung‘ur tumani hududidagi Bolg‘ali qishlog‘ida tavallud topgan. Madrasalarda tahsil olgan va Ubaydullaxon xizmatiga kirib, bosh muftiy darajasiga ko‘tarilgan. Alloma 1528 yilda Eronning Mashhad shahrida vafot etadi. Vasiyatiga ko‘ra, o‘limidan 6 oydan keyin Sulton Ubaydullaxon farmoni bilan jasadi Bulung‘ur tumaniga olib kelib, ko‘milgan.
Xo‘ja Hofiz Merosiy ziyoratgohidan Bolg‘ali qishlog‘idagi Sheroz qal’a majmuasiga o‘tiladi. Amir Temur harbiy yurishlari davomida Eronni qamal qilganda ushbu qal’ani olishda qiynaladi. Shu sabab Samarqandga kirishda mustahkam qal’a bunyod etadi va uni Sheroz deb nomlaydi. Qal’ani 20 metr chuqurlikdagi Bulung‘ur arig‘i o‘rab turadi. Ariqning eni 18-20 metr bo‘lib, tik holatda hech bir dushmanning qal’aga o‘tishiga imkoniyat bermaydi. Qal’a atrofida 9 ta buloq bo‘lib, 3 tasi saqlab qolingan. Bulung‘ur arig‘idan ikki tomonga o‘tish uchun juda mustahkam ko‘prik qurilgan. Ko‘prikning eni taxminan 12 metr bo‘lib, bu yerdan “Buyuk ipak yo‘li” o‘tgan.
- Tuman hokimining qarori bilan Sheroz qal’ani qayta tiklash uchun 4 gektar maydon ajratilgan bo‘lib, hozirda izlanishlar olib borilmoqda, - deydi N.Qoraboyev. - Qal’a juda mukammal qurilgan bo‘lib, bu yerda Amir Temurning qarorgohi, harbiy askarlar uchun oshxona va ko‘plab xonalar bo‘lgan. Agar qal’a qamalda qoladigan bo‘lsa, Bulung‘ur arig‘idan suv olish uchun yashirin yo‘ldan foydalanilgan. Sheroz qal’a tarixini to‘liq o‘rganish, qazish ishlarini olib borish, topilgan noyob topilmalarni restavratsiya qilish, yengil konstruksiyalar bilan yopish, muhofaza qilish, bu joyda qurilish infratuzilmasini yaratish maqsadida loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan.
Shu kungacha Sheroz qal’aga olib boriladigan 13 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi, 2,5 kilometr ichimlik suvi, 3,5 kilometr elektr energiyasi tarmoqlari tortilib, 29 dona yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Arxeologik qazishma vaqtida temuriylar davriga xos noyob yodgorliklar topilgan yerning tom qismi yopildi. Qal’a hududida bitta avtoturargoh, 1,5 kilometr salomatlik yo‘lakchalari hamda Bulung‘ur arig‘i ustiga ko‘prik qurildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yil Madaniy meros agentligi tomonidan Xo‘ja Hofiz Merosiy maqbarasi hamda Sheroz qal’a majmuasida qurilish-ta’mirlash va tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida 14 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan va yaqinda amaliy ishlar boshlanishi rejalashtirilgan.
Fazliddin Ro‘ziboyev.