Kun ko‘rish kerak emas, yashash kerak

Bugun O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yetuk publitsist va muharrir Mahmud Sa’diy tavallud topgan kun

Mahmud Sa’diy 1939 yil 20 iyulda Narpay tumanida tug‘ilgan. Maktabni tamomlaganidan keyin hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limida tahsil olgan.

“Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, “Guliston” jurnalida katta adabiy xodim, bo‘lim mudiri. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bo‘lim mudiri, “Ma’rifat” gazetasida maxsus muxbir, sharhlovchi, bo‘lim muharriri vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan. Jahon tillari universitetida yoshlarga dars bergan.

Mahmud Sa’diy o‘ziga xos muharrirlik maktabi yaratgan tajribali ijodkor, iqtidorli munaqqid va ko‘zga ko‘ringan tarjimondir.  U O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari uchun “Tahrir san’ati” o‘quv dasturini yaratgan. 

“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 15 yil” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.

Mahmud Sa’diy 2019 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.

Quyida publitsist va muharrirning daftar hoshiyasiga bitgan qaydlaridan o‘qiysiz.

***

Adabiyotga vijdon ishi deb qaragandagina adib barkamol asarlar yaratishi, hayotning yangi-yangi qatlamlarini ochishi, tirik obrazlar kashf etishi mumkin.

* * *

Kitobdan birinchi maqsad – odamni shaxs sifatida shakllantirish.

* * *

Kitob millatning ko‘zini ochishi kerak. Ko‘zi ochiq odam hayotning baland-pastliklarini to‘g‘ri baholay oladi.

* * *

Bizda tarixni xalq yaratadi deb odamning ko‘ziga qum sepib kelindi. Tarixni xalq emas, shaxslar yaratadi.

* * *

Mening tushunishimcha, odam bir kasbni egallashga kirishar ekan, uni ipidan ignasigacha bilib, shu ishning ustasi bo‘lishi kerak, professio­nal bo‘lishi kerak. Agarda inson o‘z sohasida professional bo‘lsa, hayotda qoqilmaydi, qayerda bo‘lsa ham, mehnati orqasidan ro‘shnolik ko‘radi.

* * *

Umr mazmuni — o‘zlikni anglab yashash. Ma’rifatli insongina o‘zini anglab yashashga qodir.

* * *

Bolalarni erkin qo‘ying, sizga o‘xshab fikrlamasa ham.

* * *

Aybim shuki, o‘yla­ganimni aytish payida bo‘laman.

* * *

Qayerdaki axloqsizlik bo‘lsa, axloq buzilsa, o‘sha yerda ma’naviyat tanazzulga yuz tutadi.

* * *

Kun ko‘rish kerak emas, yashash kerak.