Miya haqida afsonalar va ilmiy haqiqatlar
Miya haqida ko‘p narsalarni eshitamiz. Ammo biz haqiqat deb o‘ylaydigan ayrim qarashlar aslida ilmiy dalillarga to‘g‘ri kelmaydi.
1. "Biz miyamizning atigi 10 foizidan foydalanamiz"
Ilm-fan: Aslida miyamizning deyarli barcha qismlari faoliyatimizda ishtirok etadi. Faqat ularning hammasi bir vaqtda bir xil darajada ishlamaydi. Bir vaqtda ishlashi esa yomon oqibatlarga olib keladi, misol uchun, Epilepsiyaga.
2. "Multitasking. Bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni bajara olaman"
Ilm-fan: Ko‘pincha biz bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni bajarmaymiz, balki ular orasida tez-tez almashamiz. Bu esa diqqatni pasaytirib, ko‘proq xato qilishimizga sabab bo‘ladi.
3. "Uxlagandan ko'ra o'qiganim yaxshi"
Ilm-fan: Uyqu o‘rgangan ma’lumotlarimizni xotirada mustahkamlashga yordam beradi. Yetarli uxlamaslik esa diqqat va xotiraga salbiy ta’sir qiladi.
4. "Kitobni qayta-qayta o‘qisam, yaxshi eslab qolaman"
Ilm-fan: Matnning tanish tuyulishi uni eslab qolganingizni anglatmaydi. Kitobni yopib, o‘qiganlaringizni xotiradan qayta eslash va o‘zingizni sinab ko‘rish ancha samarali.
5. "Qancha ko‘p o‘ylasam, shuncha to‘g‘ri qaror qilaman" (Overthinking)
Ilm-fan: Haddan tashqari ko‘p o‘ylash har doim ham yaxshi qarorga olib kelmaydi. Tinimsiz xavotir va bir xil fikrlarni takrorlash, aksincha, harakat qilishimizga xalaqit berishi mumkin.
Miya juda murakkab tizim. Ba’zan esa uning qanday ishlashini tushunish uchun biz ishongan ayrim afsonalardan voz kechishning o‘zi kifoya.
Sizda ham shu kabi odatlar bormi?