Murojaatnoma – inson qadri va xalq manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan dasturiy hujjat
Davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga qaratilgan strategik yo‘nalishlar, siyosiy, iqtisodiy hamda g‘oyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda qonun ijodkorligiga doir aniq takliflar ham ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnoma bilan chiqish an’anasi ilk bor 2017 yil dekabr oyida joriy etilgan bo‘lib, unda ko‘tarilgan masalalar har yili keng jamoatchilik e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu yilgi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining navbatdagi muhim bosqichini belgilab berdi. Hujjatda so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar bilan birga, kelgusidagi ustuvor vazifalar ham aniq va puxta asoslab berildi.
Murojaatnomada mahallaning jamiyat hayotidagi hal qiluvchi o‘rni, ijtimoiy adolatni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, ta’lim va inson kapitaliga sarmoyani yanada kuchaytirish masalalari asosiy g‘oya sifatida belgilandi. 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ham xalqparvar va uzoqni ko‘zlagan izchil siyosatning yaqqol namunasidir.
Shuningdek, davlatimiz rahbari yana bir muhim va tarixiy tashabbusni ilgari surdi. Jumladan, mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldoshni uchirish hamda mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga parvoz qildirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangani ta’kidlandi.
Prezident qaysi yo‘nalishda islohotlarni ilgari surmasin, ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratayotgani Murojaatnomada yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. Ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni xalqaro standartlar asosida bilim va kasb-hunarga ega qilish bugungi kunning eng muhim talablaridan ekani alohida urg‘u bilan qayd etildi. Ilm-fan rivoji va zamonaviy texnologiyalar asosida mamlakat taraqqiyotini ta’minlashda ta’lim tizimiga e’tiborni kuchaytirish eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Kelgusi yildan “Raqamli startaplar” dasturi kengaytirilib, startap g‘oyasidan tortib eksportgacha bo‘lgan jarayonni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamg‘armasidan besh yil muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz ssuda ajratilishi belgilandi.
Bundan tashqari, Markaziy bank huzurida Fintex ofisi va Innovatsion xab tashkil etilib, unga Singapurdan mutaxassislar jalb etiladi. Natijada yiliga 15–20 ta fintex startapni tashqi bozorga olib chiqish va ularga jami 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, venchur fondlar, startaplar va fintex kabi zamonaviy moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish, mazkur sohadagi barcha ishtirokchilarning huquqlarini qonunchilik asosida kafolatlash zarurligi ta’kidlandi. Prezident parlamentni Hukumat bilan hamkorlikda “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqishga chaqirdi.
Prezidentimiz yoshlarni zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh kasb egalari sifatida tayyorlashga alohida ahamiyat qaratdi. Shu munosabat bilan kasbiy ta’limning muhim bo‘g‘ini hisoblangan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish vazifasi qo‘yildi. 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy texnologiyalar va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos ravishda jihozlanadi. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
2026 yilda 7 ta viloyatda, 2027 yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari hamda “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa ta’lim muassasalari uchun metodik va amaliy baza vazifasini bajarsa, “Kasblar shaharchasi” maktab o‘quvchilarini qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport va “yashil” energetika sohalaridagi zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Texnikumlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham yangi bosqichga olib chiqiladi. Jumladan, “dual ta’lim” tizimini samarali joriy etgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi, tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ballar berilishi, ishga qabul qilingan texnikum o‘quvchilari uchun ijtimoiy soliq imtiyozi uzaytirilishi nazarda tutildi. Shuningdek, 2026 yildan boshlab “dual ta’lim” asosida o‘qiyotgan 100 ming nafar o‘quvchiga ilk bor stipendiya to‘lanadi, yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilarga esa oshirilgan miqdorda stipendiya ajratiladi.
Umuman olganda, Murojaatnoma har bir fuqaro, butun jamiyat va davlat organlari oldiga katta mas’uliyat yuklaydi. Unda belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish va islohotlar natijalarini aholi hayotida amalda namoyon etish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xudoynazar Yunusov,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori, biologiya fanlari doktori, professor.