“Qurilish qonuniy ekani aniqlandi, aholiga noqulaylik keltirayotgan qurilish qoldiqlari olib tashlanadi”

Oldinroq Samarqand shahar Ulug‘bek mahallasidagi qurilishga nisbatan shu hududda yashovchi fuqaro tomonidan bildirilgan e’tiroz e’lon qilingan va holat rasmiy idoralar tomonidan o‘rganilayotgani aytilgandi.

Kadastr agentligi Samarqand shahar bo‘limi hamda Samarqand shahar hokimligining arxitektura va qurilish bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish yakunlari ma’lum qilindi.

Aytilishicha, murojaatda ko‘zda tutilgan ushbu uy-joyni sotib olgan fuqaro tomonidan eski devor o‘rnidan ko‘cha uchun o‘z hududidan qisman joy qoldirib, qaytadan yangi devor qurayotganligi ma’lum bo‘lgan va murojaat muallifiga tegishli tushuntirishlar berilgan. Qurilish ta’sirida ko‘chadagi aholi va avtomobillar harakatiga ta’sir qilayotgan qurilish qoldiqlarini bartaraf etish choralari ko‘rilgan.