Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Turkiya milliy mudofaa vaziri Hadis ilmi maktabi faxriy talabasi bo‘ldi

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusi Akar boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandga keldi.

Hulusi Akar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri B.Qurbonov va viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamrohligida Samarqanddagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qildi.

Jumladan, Imom Buxoriy majmuasida buyuk alloma haqiga Qur’on tilovat qilindi.

Shundan so‘ng mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu muassasalarning maqsad va vazifalari, bu yerda zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, ta’lim dargohlari bilan hamkorlik aloqalari haqida so‘zlab berildi.

Markaz muzey fondidan o‘rin olgan eksponatlar, devoriy suratlar, Imom Buxoriy asarlari nusxalari, shuningdek, mussasaga Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi tomonidan hadya etilgan xattotlik namunalari ko‘rgazmasi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusi Akarga Hadis ilmi maktabining 2020-2021 o‘quv yili faxriy talabasi darajasi berildi.