1 iyuldan 200 va 500 so‘mlik qog‘oz pullar muomaladan chiqariladi
Adliya vazirligida 2018 yil 19 mayda 3014-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 so‘mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan:
➖ 1997 yil namunasidagi 200 so‘mlik;
➖ 1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar 2020 yil 1 iyuldan qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.
Eski namunadagi ushbu pul belgilari 2020 yil 1 iyulga qadar barcha tijorat banklari bo‘linmalari, 2020 yil 1 iyuldan keyin esa Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari hisob-kitob kassa markazlari tomonidan qabul qilinadi va muomaladagi pul belgilariga cheklanmagan miqdorda almashtirib beriladi.
Shu munosabat bilan eski namunadagi 200 so‘mlik va 500 so‘mlik banknotlaringiz mavjud bo‘lsa, belgilangan tartibda muomaladagi pul belgilariga almashtirib olishingiz mumkinligini eslatib o‘tamiz.