2022 yilgi viloyat byudjeti: daromaddan xarajatlar ortdi (mi?)
Samarqandda 2022 yilda viloyat mahalliy byudjet daromadlar rejasi kutilganidan 284,6 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarildi, ya’ni 4 197,7 milliard so‘m tushumlar tushirildi. Xo‘sh, xarajatlar qancha bo‘ldi?
Qo‘shilgan qiymat solig‘ining rejadan orttirib bajarilgan qismi 117,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Shundan mahalliy hokimliklar ixtiyorida 402,3 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi. Soliq turlari bo‘yicha belgilangan rejaga asosan jismoniy shaxslarning daromad solig‘idan 137,8 milliard so‘m, yuridik shaxslarning yer va mol-mulk solig‘idan 92,6 milliard so‘m, jismoniy shaxslarning yer solig‘i 34,6 milliard so‘m, benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni iste’molchiga realizatsiya qilishda to‘lanadigan aksiz solig‘idan 25,2 milliard so‘m belgilangan rejaga nisbatan qo‘shimcha tushumlar tushurildi.
Hududiy moliya idoralari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 iyundagi qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlarda jami 94,5 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha daromad manbalari aniqlandi va qamrab olindi. Jumladan, 12 268 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar, noturar ob’yektlar va yer maydonlarining ro‘yxatga olinmaganligi yoki qiymatini kamaytirib ko‘rsatish holatlari bo‘yicha 4,5 milliard so‘m aniqlandi. 9 993 nafar davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarni aniqlash hisobiga 9,4 milliard so‘m, 334 nafar umumiy ovqatlanish faoliyati to‘liq qamrab olinmaganligi hisobiga 4,4 milliard so‘mlik manbalar o‘rganildi. 3 491 ta korxonada norasmiy ishlab kelayotgan ishchi-xizmatchilarni aniqlash hisobiga 11,2 milliard so‘m, boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 6 244 holatda 13,1 milliard so‘mlik qo‘shimcha daromad manbalar aniqlandi.
Bundan tashqari, markazlashgan holda o‘tkazilgan tahlillarda jami 51,9 milliard so‘mlik qo‘shimcha daromad manbalari aniqlandi.
O‘tgan yilda viloyat mahalliy byudjetining xarajatlar qismi 104,3 foizga ijro etildi va 7 trillion 898,6 milliard so‘mlik xarajatlar amalga oshirildi. Jumladan, ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy himoyalash xarajatlari uchun 4 trillion 789,3 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi. Bu esa jami mahalliy byudjet harajatlarining 60,6 foizini tashkil qiladi. Shundan xalq ta’limi sohaga 509,4 milliard so‘m, maktabgacha ta’lim sohaga 552,5 milliard so‘m, sog‘liqni saqlash sohaga 2 trillion 154,2 milliard so‘mlik xarajatlar amalga oshirildi.
2023 yil boshidagi hisobga ko‘ra viloyatimizda 275 233 nafar bolalar nafaqasi oluvchi onalar, 7302 moddiy yordam oluvchi oilalar bor va ularga 1 trillion 388,7 milliard so‘mlik mablag‘ to‘landi.
O‘tgan yili viloyat bo‘yicha mahalliy byudjetlarda
564,3 milliard so‘m qo‘shimcha manbalar shakllantirildi. Shundan, 229,8 milliard so‘m erkin qoldiq mablag‘lari va 334,5 milliard so‘m daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi mablag‘larini tashkil etdi. Ushbu mablag‘lar xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlarining tegishli qarorlari asosida “Ayollar”, “Yoshlar” va “Temir” daftarlarga 105,7 milliard so‘m;
- harbiy-ma’muriy sektorni rivojlantirish jamg‘armasiga 2,2 milliard so‘m;
-“Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armasiga 52,5 milliard so‘m;
- viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlariga 174,1 milliard so‘m;
- obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun 24,6 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Prezidentimizning 2021 yil 13 apreldagi
PQ-5072-sonli qaroriga asosan Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga
58,9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Viloyat bo‘yicha zaxira jamg‘armalarining o‘tgan yilgi rejasi 52,5 milliard so‘mni tashkil etib, 2022 yilda 46 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Prezidentimizning 2021 yil 13 apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Tashabbusli byudjet”ning birinchi mavsumida fuqarolar tomonidan 6 549 ta taklif kiritildi. Har bir taklif, fikrlar sinchkovlik bilan o‘rganilib, umumiy qiymati 244,9 milliard so‘m bo‘lgan 378 ta taklif g‘olib deb topildi. “Tashabbusli byudjet”ning ikkinchi mavsumida ovoz to‘plash jarayonida 850 ming 835 nafar fuqaro ishtirok etib, 172 ta tashabbus g‘olib, deb topilgan. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun jamg‘armaga 132,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Anorboy Abdanov,
Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasi
bo‘lim boshlig‘i.