"Adolat" SDP tarafdorlari soni ortmoqda
Kecha partiya vakillari tomonidan Urgut tumanida imzolarni yig‘ish jarayonlari o‘tkazildi.
Urgut tuman tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan imzo yig‘ish punktida fuqarolarga qulay bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, zarur zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan punktda siyosiy-huquqiy sohada tajribali partiya faollari bilan o‘zi tanlagan partiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadidagi fuqarolar bilan faol ish olib bormoqda.
Tadbirda partiya viloyat Kengashi raisi o‘rinbosarlari - A.Xoliqov, L.Sayidova hamda tuman Kengashi raisi Z.Abdurahmonova partiya faoliyati hamda ustuvor g‘oyalari, qolaversa, saylov qonunchiligimizdagi so‘nggi o‘zgarishlar xususida zarur tushunchalar berdi.
Siyosatga, jumladan, saylov jarayonlariga befarq bo‘lmagan hamda tengdoshlarini bu kabi tadbirlarda faol bo‘lishga targ‘ib qilgan Xurshid Nasimov bugungi kunda «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Urgut tuman Kengashi "Yoshlar qanoti" a’zosi hisoblanadi.
- «Adolat» sotsial- demokratik partiyasini yoshlarga kattadan-katta imkoniyatlar eshigini ochishga intilayotgan siyosiy kuch sifatida bilaman, - deydi u. - Bunga partiyaning ko‘plab loyihalaridagi ishtirokim chog‘ida guvoh bo‘lganman. Tadbirlar davomida, albatta, iqtidorli yigit-qizlar tanlanib, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish choralari ko‘riladi. Shu sabab barcha tengdoshlarimga jamiyat kelajagi uchun partiyani qo‘llab-quvatlashni tavsiya qilaman.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, partiya viloyat Kengashi 3400 nafar xayrixohlar imzosini to‘lashni rejalashtirgan. Urgut tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida "Adolat"chilarni saylovda ishtiroki uchun 300 dan ko‘proq saylovchilar imzosi to‘plandi.
Jarayon partiyaning boshqa hududiy Kengashlarida ham a’zolar, deputatlar va faollar ishtirokida korxona va tashkilotlar, o‘qish, yashash hamda boshqa joylarda davom etmoqda.
Gulnafisa Abdimurodova.