Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik boshlandi
2023 yilda mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Shu bois, respublikaning barcha hududlarida aholini ro‘yxatga olish bo‘limlari tashkil etilib, ular muhim jarayonga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga mas’ul etib belgilandi.
Mazkur jarayon oldidan viloyat statistika boshqarmasida Davlat statistika qo‘mitasi ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Q.Berdiqulov ishtirokida uy-joylar ro‘yxatini tuzishga jalb qilinadigan xodimlarni o‘qitishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Seminarda xodimlarni tanlab olish, ularni bajaradigan vazifasi bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalarni tushuntirishgacha bo‘lgan jarayonlar batafsil bayon qilindi.
Hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish jarayonga tayyorgarlikning asosiy bosqichlaridan biri hisoblanadi. Bu vazifaning to‘liq va sifatli bajarilishi, o‘z navbatida, ro‘yxatga olish ishlarining samarali bo‘lishiga zamin yaratadi.
Viloyat statistika boshqarmasi axborot xizmati.