Bir million o‘zbek dasturchisi. Ular orasida siz ham bo‘lishingiz mumkin
Bugungi kunda barcha sohalarda zamonaviy texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, axborot texnologiyalari bilan barcha sohani “qurollantirish” dolzarb masalaga aylandi. Pirovardida IT mutaxassislariga talab ortmoqda.
Shu bois, yurtimizda ham IT mutaxassislari tayyorlashni kengaytirish, sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Misol uchun, 2019 yilda Toshkent shahridagi Inha universitetida "Bir million o‘zbek dasturchilari" loyihasi boshlandi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT-Park va Dubay Future Foundation bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning afzalligi u uzbeckoders.uz platformasida o‘zbek tilida yuritilmoqda.
Loyiha ixtisoslashgan onlayn portal orqali keng aholi uchun bepul masofaviy ta’lim berishga qaratilgan. U quyidagi to‘rt yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: Android (Google bilan hamkorlikda), Front-end development, Full-stack development va ma’lumotlarni tahlil qilish.
“Google”, “Facebook” ka ishga o‘tish mumkin bo‘ladi
Platformadagi har bir yo‘nalish asosiy 120 soatlik yoki 12 haftalik kursdan boshlanadi va o‘rganishni boshlash uchun maxsus bilim talab qilmaydi. Muhimi, “Bir million o‘zbek dasturchilari” platformasida kurslarni muvaffaqiyatli yakunlaganlar Udacity Nanodegree grantini qo‘lga kiritishi mumkin. Bu esa ularga Udacity platformasida bepul kurslarda o‘qish imkonini beradi.
Udacity platformasi IT mutaxassisligiga yo‘naltirilgan yetakchi onlayn ta’lim platformasi. Unda o‘quv dasturlari va kontent kurslari Google, Facebook, Amazon, Autodesk va boshqa yetakchi IT kompaniyalari bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Shu bois, Udacity platformasida yaxshi ta’lim olgan dasturchilarimiz kompaniyalarda onlayn yoki oflayn ishga kirishlari ham mumkin bo‘ladi.
Ro‘yxatdan o‘tish juda oson
Shu paytgacha viloyatimizdan 14 711 kishi platformada sifatli ta’lim olgan. Ya’ni, shuncha samarqandlik dasturlash bo‘yicha boshlang‘ich bilimga egaligi to‘g‘risida sertifikatni qo‘lga kiritgan. Ular safiga siz ham qo‘shilishni istasangiz uzbeckoders.uz platformasida quyidagi ma’lumotlarni kiritib, ro‘yxatdan o‘ting:
Aniq imtiyozlar bormi?
Joriy yil 20 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.
Farmonning 3-bandida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan vazifalar belgilangandi.
Unda joriy yil 1 iyundan AT «Xalq banki», AT «Aloqa bank» va «Mikrokreditbank» ATB tomonidan «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xaridlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol krediti ajratilishi qayd qilingan. Bu kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Dilmurod Xo‘jamberdiyev,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihasi asosida tayyorlandi.