Biznesni ro‘yxatga olishda qatnashgan hokim yordamchilari moddiy rag‘batlantiriladi

Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida biznesni ro‘yxatga olishni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan.

Unga ko‘ra, ro‘yxatga oluvchilarga biriktirilgan hududda iqtisodiy birliklarni ro‘yxatga olishning to‘liq qamrovi ta’minlangandan so‘ng Jahon banki ishtirokidagi loyiha mablag‘lari hisobidan bir martalik to‘lov amalga oshiriladi.
Ro‘yxatga olishni amalga oshirish uchun jalb etilgan hokim yordamchilariga har bir to‘ldirilgan va qabul qilingan savolnoma uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov nazarda tutilgan:
- rasmiy faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birlik bo‘yicha — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 0,45 foizi;

norasmiy, ya’ni davlat ro‘yxatidan o‘tmagan holda faoliyat yuritayotgan iqtisodiy birlik bo‘yicha — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 0,6 foizi.
2026 yil 1 sentyabrdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1360000 so‘m etib belgilanganini hisobga olganda, ushbu to‘lovlar:
- rasmiy iqtisodiy birlik bo‘yicha har bir qabul qilingan savolnoma uchun — 6 120 so‘m;
- norasmiy iqtisodiy birlik bo‘yicha har bir qabul qilingan savolnoma uchun — 8 160 so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, biznesni ro‘yxatga olish tadbiriga jalb etilgan shaxslarning asosiy ish joyi, lavozimi va oylik ish haqi saqlanadi.
Kutilmagan holatlar sababli ro‘yxatdagi xodimlar o‘rniga boshqa xodimlar ro‘yxatga oluvchi sifatida jalb etilgan taqdirda, ular ham belgilangan tartibda bir martalik rag‘batlantiriladi.
Rag‘batlantirish to‘lovlari Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar biznesni ro‘yxatga olish tadbirida onlayn ishtirok etadi. Shu sababli ular bo‘yicha hokim yordamchilariga mazkur bir martalik rag‘batlantirish to‘lovi hisoblanmaydi.
Bir martalik rag‘batlantirish to‘lovini olish uchun savolnomalar belgilangan talablarga muvofiq to‘liq va sifatli to‘ldirilishi, qabul qilinishi hamda biriktirilgan hududda iqtisodiy birliklarni ro‘yxatga olishning to‘liq qamrovi ta’minlanishi lozim.