Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Boburni hayratga solgan O‘sh

Samarqand davlat madaniyat tarixi muzeyida “Sulaymon-Too” - jahon merosi ob’yekti” ko‘rgazmasi ochildi. Ekspozitsiya O‘sh shahrining (Qirg‘iziston Respublikasi) “Sulaymon-Too” milliy tarixiy-arxeologik muzey majmuasi tomonidan tashkil etildi.

- Biz 3000 yildan ortiqroq tarixga ega qadimiy O‘shdan keldik, - deydi “Sulaymon-Too” milliy tarixiy-arxeologik muzey majmuasi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xayrulla Ibaydullayev. – 33 mingdan ortiq nodir eksponatlar saqlanadigan muhtasham Sulaymon-Too tog‘i bizning muzey majmuamizning asosi hisoblanadi. Samarqandda o‘tkazilayotgan ekspozitsiyada muzeyning asosiy boyliklari namunalarini, ilmiy materiallar, foto hujjatlarni taqdim etamiz.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘rta asrlarda Zahiriddin Muhammad Bobur bir necha bor O‘sh shahriga tashrif buyurgani e’tirof etildi. U bu haqda o‘zining “Boburnoma” asarida eslab o‘tgan.

Sulaymon-Too tog‘ida Boburning buyrug‘i bilan hujra qurilgan, u yerdan shahar kaftdek ko‘ringan. Temuriylar sulolasi vakili O‘sh o‘zining ozodaligi, ko‘plab tabiiy daryolari, yashil tabiati va musaffo havosi bilan insonni hayratga solishi haqida yozgan.

Boburning hujrasi 1963 yilda dinga qarshi harakatlar to‘lqini oqibatida vayron qilingan. Biroq 1989 yilda eski poydevor o‘rnida bino qayta tiklangan. Bugungi kunda ushbu makon mahalliy aholi va ko‘plab sayyohlar tomonidan qadrlanadi.

- O‘tgan yilning noyabr oyida muzeylarimiz o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan, - deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Mustafoqul Samariddinov. – Qo‘shni respublikadagi hamkasblarimiz tomonidan Samarqandda tashkil etilgan ekspozitsiya erishilgan kelishuvlarning amaliy samarasidir. Ko‘rgazma ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlashga, Markaziy Osiyo tarixini o‘rganishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazma o‘z ishini 20 martga qadar davom ettiradi.

Rinat ABDULMANOV,

Aleksandr XARITONOV (foto).