Bolqonda notinchlik: Serbiya armiyasi jangovor shay holga keltirilmoqda

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich mamlakat qurolli kuchlarini jangovor shay holatga keltirish haqida buyruq berdi.

Bunga sabab Kosovo shimolida yashovchi serblarning Kosovo hukumatiga qarshi bosh ko‘targanlari bo‘lgan. Serbiya zarur bo‘lganda Kosovo shimolidagi serb millatdoshlariga yordam berishni mo‘ljallab, qo‘shinlarini jangovor holatga o‘tkazayapti.

Kosovo maxsus kuchlarini o‘zlari yashayotgan hududlarga kiritmaslik uchun mamlakat shimolida yashayotgan etnik serblar o‘z hududlarida shahar va qishloqlarda barrikadalar barpo etmoqdalar.

Aholisining 90 foizi etnik albanlardan iborat bo‘lgan Kosovoning shimolida, Mitrovitsa o‘lkasida asosan etnik serblar yashashadi.

Serbiya Kosovoni ham, uning shimoliy o‘lkasi bo‘lgan Mitrovitsani ham o‘zining ajralmas qismi deb hisoblaydi. Ammo, BMT nazoratida bo‘lgan Kosovo o‘zini mustaqil deb e’lon qilib bo‘lgan. Uning mustaqilligini dunyoning 120 ortiq mamlakati tan olgan.

Bugungi kunda Kosovoni ham, uning shimolidagi etnik serblar yashaydigan Mitrovitsa o‘lkasini ham BMTning tinchlikparvar qo‘shinlari nazorat qilmoqda.

Kosovoni boshqarish ham hozircha BMT tomonidan muvofiqlashtirilayapti.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Kosovoning mustaqilligini tan olmagan.