Bugun Samarqandda Islom sivilizatsiyasi markazining Xalqaro kengashi tuzilishi kutilmoqda
Avval xabar qilganimizdek, Samarqand shahrida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining «Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi» mavzusidagi VIII Xalqaro kongressi bo‘lib o‘tyapti.
Sakkizinchi kongress bevosita O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Kinematografiya agentligi, TURKSOY singari mahalliy hamda xorijiy tashkilotlar hamkorligida tashkil qilindi.
Bu galgi xalqaro tadbirda dunyoning 35 davlatidan 300 ga yaqin olim va ekspertlar ishtirok etyapti. Kongress davomida forum, yettita shu’ba yig‘ilishi, o‘nlab davra suhbatlari, taqdimotlar, ilmiy muloqotlar tashkil qilinib, 300 dan ortiq qiziqarli ma’ruzalar tinglandi. Ayni paytda Kongress dasturi kun tartibi bo‘yicha “O‘zbekiston madaniy merosi”, “O‘zbekiston Qur’onlari” turkumidagi Butunjahon jamiyatining asosiy loyihalari va qo‘lyozmalarining faksimil taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda.
Kongresning so‘nggi kuni, ya’ni bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yangilangan konsepsiyasi, keyingi yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”, Kongressning rezolyusiyasi qabul qilinishi, Islom sivilizatsiyasi markazining Xalqaro kengashi tuzilishi haqidagi qaror va uning tarkibi tasdiqlanishi, shuningdek, “Oltin kitob” xalqaro mukofotini topshirish marosimi o‘tkazilishi belgilangan.
Baxtiyor MUSTANOV