Bulung‘urlik 70 yoshli Safarboy bobo tanlov g‘olibi bo‘ldi
Samarqand shahridagi Shirin shaharchasini barpo etish direksiyasida “Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida g‘olib bo‘lgan nuroniylar uch shart bo‘yicha mahallasida “Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida amalga oshirgan ishlarni namoyish etdi.
Hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra, ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi g‘olibligi Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasi nuroniysi Safarboy bobo Aliboyevga nasib etdi va I darajali diplom, bazaviy hisoblashning 9 baravari miqdorida, ya’ni uch million 60 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Safarboy bobo ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi. Narpaylik Muazzam Turdiyeva ikkinchi, nurobodlik To‘xtash Suyarov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda ularga ham bazaviy hisoblashning 6 va 5 baravari miqdorida pul mukofoti, esdalik sovg‘alari topshirildi.
- 70 bilan yuzlashib, hayotning past-balandini ko‘rdik, - deydi Safarboy Aliboyev. – Bugun nuroniylarga yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, ularning kelajagidek mas’uliyatli vazifa ishonib topshirilyapti. Ko‘ryapmizki, hayotda orttirgan boy tajribamizni yoshlarga o‘rgatish o‘z natijasini ko‘rsatyapti. Bugungi tanlov ham biz nuroniylar uchun o‘zaro tajriba almashish, yoshlar tarbiyasida nimalarga e’tibor qaratishimiz zarurligini maslahatlashib olish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.