Bulung‘urlik tadbirkorlar muammolariga Bosh vazir qabulxonasida yechim topmoqda

Aslida Bosh vazirning joylardagi tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari vazifasi ishbilarmonlarni qiynayotgan masalada zarur amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat. Bulung‘ur tumani Kattaqishloq-1 mahallasida yashovchi To‘ychi Ahmedov bu vazifa nechog‘lik uddalanayotganiga o‘z taqdiri misolida guvoh bo‘ldi.

Aslida u tadbirkorlik faoliyatini, ya’ni broyler jo‘ja boqishni niyat qilgan. Bu boradagi rejasini amalga oshirish uchun yetmayotgan sarmoyani bankdan kredit shaklida olmoqchi bo‘ladi. Shu maqsadda "Xalq bank"i Bulung‘ur tumani filialiga "Har bir oila - tadbirkor" davlat dasturi asosida imtiyozli kredit mablag‘ini ajratish to‘g‘risida murojaat qiladi.

Barcha zarur hujjatlarni topshirganligiga qaramasdan, bank ta’minotchi korxonaga belgilangan mablag‘ni o‘tkazib bermaydi. Tadbirkorlik faoliyatiga bo‘layotgan bunday to‘sqinlik haqida u Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga ma’lum qilgan. Bulung‘ur tumanidagi qabulxona aralashuvi bilan 15 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘lari ajratib berilishi ta’minlandi.

Shuningdek, tumandagi Mehrjon mahallasida yashovchi "Davlatbek halol noni" oilaviy korxonasi rahbari Sharif Fayzullayev ham bankdan kredit olishda byurokratik to‘siqqa duch kelgan. U non va non mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ochish uchun joriy yil yanvar oyida Bulung‘ur tumani “Agro banki”ga 100 million so‘m miqdorida kredit ajratilishini so‘rab ariza yozgan. Ammo murojaatchiga 3 oydan buyon kredit ajratilmayotganligidan shikoyat qilib, amaliy yordam so‘radi.

Qabulxona aralashuvi bilan korxonaga bank tomonidan 80 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilishi ta’minlandi.

Azamat XOLBEKOV,

Bulung‘ur tumanidagi Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mutaxassisi.