Endi viloyat hokimi o‘rinbosarlari faoliyati baholanadi
Joriy yilning 24 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining ularga yuklangan vazifalarni bajarishda shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlari o‘rinbocarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) ishlab chiqish, monitoring qilish va baholash tartibi to‘g‘risida Nizomi tasdiqlandi.
Nizomda har bir mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlarining xizmat vazifalaridan kelib chiqib, ularni amalga oshirishda qaysi ustuvor vazifalarga asosiy e’tiborni qaratish lozimligi birma-bir sanab o‘tilgan.
Endi, viloyat hokimlari o‘rinbosarlarining reyting natijalarini chiqarish bilan viloyat hokimligining Axborot-tahlil guruhi shug‘ullanadi. Har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 10-sanasiga qadar rahbar o‘rinbosarlarining samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi natijalarini umumlashtirib boradi.
Reyting baholash 4 qismdan iborat bo‘lib, natijalarning umumiy samaradorlik ko‘rsatkichlari 70 foizdan kam holatda ta’minlanganda - “qoniqarsiz”, 71 foizdan 90 foizgacha - “qoniqarli”, 91 foizdan 99 foizgacha - “yaxshi”, 100 foiz va undan yuqori bo‘lganda “a’lo” deb baholanadi.
Yakuniy natijalarni Qoraqalog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlariga har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 15-sanasiga qadar o‘z majlisida ko‘rib chiqish hamda har bir hokim o‘rinbosariga shaxsiy baho berish uchun kiritiladi.
Har bir rahbar o‘rinbosari bo‘yicha berilgan baho natijalari umumlashtirilib, ma’lumotlar, takliflar va tahliliy materiallar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Natijalar Vazirlar Mahkamasida har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 20 sanasiga qadar Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari hamda mas’ul tarkibiy bo‘linma mas’ullari ishtirokida keng muhokama qilinadi.
Shundan so‘ng, har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 25-sanasiga qadar Vazirlar Mahkamasida tegishli rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida Vazirlar Mahkamasining Rayosat majlisi o‘tkazilib, natijalarga ko‘ra rag‘batlantiriladi yoki intizomiy ta’sir choralari ko‘riladi.
Qabul qilingan qaror har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmasdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuboriladi. Samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbar o‘rinbosarlarining lavozimiga loyiqlik masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar beriladi.
Mazkur qaror bilan rahbar o‘rinbosarlari hududda o‘ziga biriktirilgan sohalardagi samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish, o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlarining to‘liq va sifatli bajarilishini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida shaxsan javobgarligi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashlari oldida hisobdorligi aniq belgilangan.
Mazkur baholash tizimini joriy yilning yakuniga qadar eksperiment tariqasida amalga oshirish hamda eksperiment yakuni bilan yanada takomillashtirish rejalashtirilgan.
Tizimning ochiq va shaffofligini ta’minlash, inson omilini kamaytirish, reyting natijalarini shakllantirishda ma’lumotlarni soxtalashtirish, ko‘rsatkichlarni sun’iy ravishda oshirishlarning oldini olish maqsadida joriy yilning 1 noyabriga qadar baholash natijalari va dinamikasi haqidagi ma’lumotlarning real vaqt rejimida idoralararo elektron almashinuvini ta’minlaydigan elektron axborot tizimini yaratish belgilangan.
Ushbu tizimning hayotga tatbiq etilishi bilan mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyati, xususan, mahalliy hokimliklar rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligi yanada oshadi.
Foziljon AXATOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali yetakchi inspektori.