Eng ilg‘or mutaxassislar bellashmoqda

Markaziy harbiy okrugning “Sazagan” dala-o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkaziladigan “Eng ilg‘or mutaxassis” armiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Mudofaa vazirligi tomonidan tayinlangan mas’ul ofitserlardan iborat hakamlar hay’ati, faxriylar, yoshlar hamda musobaqada ishtirok etuvchi barcha okrug jamoalari qatnashdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar “Eng ilg‘or mutaxassis” armiya o‘yinlari harbiy xizmatchilarda yuksak jangovar tayyorgarlik va professionallikni oshirish, qo‘shinlarda o‘zaro musobaqa ruhini kuchaytirish, harbiy mutaxassislarda yetakchilik xususiyatlarini rivojlantirish, harbiy jamoalarda sog‘lom raqobat hissi va barqaror ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik A.Saidov yurtimizda karantin choralari yumshatilishi munosabati bilan “Sazagan” va “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydonlarida o‘tkaziladigan mazkur tanlovlarni yurtdoshlarimiz karantin qoidalariga amal qilgan holda bevosita kuzatib borishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilganini ta’kidladi.

Marosimda harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyish etildi. Shuningdek yurt himoyachilarining kasbiy salohiyatlarini namoyon etuvchi jangovar mashg‘ulotlar, qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari hamda Samarqand viloyati madaniyat boshqarmasining konsert dasturi tadbirda qatnashgan yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi. O‘z navbatida Nurobod tumanidagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida tosh ko‘tarish va arqon tortish kabi milliy sport o‘yinlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilib, g‘oliblar okrug qo‘mondonligi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shundan so‘ng, “Eng ilg‘or mutaxassis” armiya o‘yinlari boshlandi. Dastlab, ishtirokchilar test sinovlari va jismoniy tayyorgarlik bahslariga jalb etildi.

“Sazagan” dala-o‘quv maydonida o‘tkaziladigan ushbu tanlovda ishtirokchilar “Eng ilg‘or mergan”, “Eng ilg‘or pulemyotchi”, “Eng ilg‘or granatomyotchi” “Eng ilg‘or AGS va SPG-9 hisoblari” mutaxassisligi bo‘yicha bellashadi.