Gapiruvchi mayna
Bu qush 20 tacha so‘z va o‘nlab jumlalarni tuzib, ayta oladi.
Ravshan Saidov asli termizlik. Turkman millatiga mansub yigit. Hozirda Termiz shahridagi Baynalmilal mahallasidagi ixcham va shinamgina hovlida yashaydi. Uning uch nafar farzandi - ikki o‘g‘il, bir qizi bor. Ravshan aka ularning kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun yaxshi ta’lim va tarbiya berishga har jihatdan intilmoqda. O‘g‘illarining to‘ng‘ichi universitetda, kichigi litseyda o‘qimoqda.
E’tiborlisi, o‘ziga xos "xobbi"ga ega qahramonimiz mayna boqib, ularni inson kabi gapirtirishga o‘rgatish bilan shug‘ullanadi.
Odatda, maynalar tabiiy sharoitda uzog‘i bilan 5-7 yil yashaydi. Qafasda boqilsa, uzoqroq, ya’ni 10-15 yil umr ko‘rishi mumkin.
- Shu vaqtgacha 7 ta maynani boqib, ularni so‘zlatishga harakat qildim. Shulardan ikkitasi gapirishga o‘rgandi. Hozirgi "aqlli" qushimni 2014 yilning 12 iyunidan buyon boqib kelyapman. Bir-ikki oyligidan boshlab "mashg‘ulot" o‘tkazmasangiz, biror natijaga erishish qiyin bo‘ladi, - deydi kulib Ravshan aka Saidov. – Tajribamdan ma’lumki, bitta uyda ikkita mayna boqilsa, u hech qachon gapirmaydi, o‘zi yolg‘iz bo‘lishi kerak!
"Braziliya" laqabli ushbu gapiruvchi qushga ko‘proq Ravshan akaning katta o‘g‘li G‘oibjon qaraydi. Ya’ni, maynaga "dars" beradi, til o‘rgatadi. Ayni paytda "Braziliya" 3 yoshda. Endi tili chiqyapti-da, axir. Shu boisdan hozircha u 20 tacha so‘zni va o‘nlab jumlalarni tuzib, ayta oladi. Misol uchun: "Assalomu alaykum, yaxshimisiz?" "G‘oibjon, yaxshi keldingizmi?", "Ravshan", "Nargiza", "Ikrom", "Akbar", "Dimka" va boshqa so‘zlarni ayta oladi.
- Kelajakda unga Vatanimiz madhiyasini yod oldirishni xohlayman hamda ruscha-inglizcha so‘zlarni o‘rgatmoqchiman, - deydi G‘oibjon.
Eng qizig‘i, ushbu mayna radioda yangrayotgan musiqalarni diqqat bilan eshitib, so‘ng o‘zi chiroyli tarzda xirgoyi qilishiga ham guvoh bo‘ldik. Shuningdek, hovliga begona mushuk oralasa, xonadon egalarini "miyov-miyov"lab, yo‘talgandek ovoz chiqarib va eshik qo‘ng‘irog‘i ovoziga taqlid qilib, ogoh etishi haqiqatan ham hayratlanarli.
Yana bir gap. Bu noyob qush qafasdan chiqib, hovlida erkin yuradi, uchib ketmaydi. Har kuni uy egalari bilan birga ovqatlanadi. Qisqasini aytganda, u oilasining bir a’zosiday bo‘lib qolgan…
Chori Jumaqulov.