Hasharda "mahalla yettiligi” faol ishtirok etdi
Yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharinin birinchi kunida viloyatimizdagi 1126 ta mahalla raisi va xodimlari ham faol ishtirok etdi.
Bu yilgi hasharning o‘ziga xos jihati, unda har bir mahalla faoliga alohida vazifalar yuklanganligi bo‘ldi. Jumladan, mahalla raisi hashar tadbirini uyushqoqlik bilan o‘tkazishga umumiy rahbarlik qilishi, hasharga keng jamoatchilikni jalb qilishi, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga bosh-qosh bo‘lib, mahallaning barcha manzilida hashar o‘tishini ta’minlashi belgilandi. Hokim yordamchisi esa mahalladagi ehtiyojmand oilalar, nogironlar, yakka-yolg‘iz keksalar va qariyalar holidan xabar olib, ularni oziq-ovqat mahsulotlari hamda dori-darmon vositalari bilan ta’minlashi kerak.
Yoshlar yetakchisi yoshlarni jalb etgan holda qabristonlarda hashar tashkil etadi. Bu yoshlar uchun tarbiyaviy ahamiyatga egaligi hisobga olindi. Xuddi shunday xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq inspektori, ijtimoiy xodimlar ham o‘z yo‘nalishi bo‘yicha hashar tadbirini tashkil etadi.
Aytish joizki, bugun — hasharning birinchi kunida viloyatimizda 316 gektar maydon obodonlashtirilib, 53 tonna chiqindi olib chiqildi. Yoshlar ishtirokida 76 ta qabriston, 95 ta ziyoratgoh tartibga keltirildi. Joylarda 73 366 tup mevali, 9700 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. 756 ta ehtiyojmand oila, 62 nafar nogironligi bor fuqaro va yolg‘iz keksalarga moddiy yordam berildi.
Yusuf Salimov,
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi.