“Ijtimoiy norma”lar aholini tejamkorlikka o‘rgatyaptimi?

Bugun ko‘pchilikni joriy yilning 1 mayidan e’tiboran elektr energiyasi va tabiiy gazning iste’mol narxlari oshirilishi, «ijtimoiy norma»ning belgilanishi, shuningdek, bu tartib aholining elektr energiyasidan qay darajada tejamkorlik bilan foydalanayotgani qiziqtirmoqda.

May oyidan boshlab, aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz  iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlanib, elektr energiyaning 1 oylik bazaviy me’yori 200 kilovat/soat, tabiiy gaz uchun esa isitishi mavsumida 500 kubometr, boshqa mavsumda esa 100 kubometrni tashkil etishi belgilangan edi.

Mana, oradan bir oydan ko‘p vaqt o‘tdi. Xo‘sh, o‘tgan davrda aholi elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelmadimi? Ular ijtimoiy norma talablaridan ko‘p mablag‘ sarflashmayaptimi? Narxning oshgani viloyat elektr energiyasi tizimiga qay darajada ta’sir ko‘rsatdi? 

Hozirda viloyatda qariyb 938 mingga yaqin elektr energiyasi iste’molchisi bo‘lib, shundan 888.3 mingtasi aholi xonadonlarini tashkil etgan. 2023 yilning may oyida 425.109,6 kVt.soat elektr energiyasi yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yilning may oyida 417.645 kVtni tashkil etdi.

- Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 apreldan boshlab energetika sohasida jumladan, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha narxlar oshirilgandi, - deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali ASKUE bo‘limi boshlig‘i A’zam Asadov. - Demak, narxlar o‘zgarib, ijtimoiy norma qabul qilingach, aholi tejamkorlik bilan ish yuritib, ham elektrni, ham pulini iqtisod qilishga erishganligini ko‘rish mumkin. Chunki mart oyida jami iste’molchilarning 81,1 foizi, ya’ni 700 ming aholi xonadonida 200 kVt/soatgacha foydalangan bo‘lsa, 161.176 nafar aholi 201-1000 kVt.soatgacha iste’mol qilgan. May oyida esa 762353 ta, ya’ni 85,8 foiz maishiy iste’molchi 200 kVt, 124.8 minggi, ya’ni 14,1 foizi esa 201-1000 kVt.gacha iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu degani may oyida bitta xonadonning o‘rtacha elektr energiya iste’moli 131 kVt ni tashkil etmoqda. 

2024 yil aprel oyida viloyat bo‘yicha iste’molchilarga 385,3 mln.kVt elektr energiyasi yetkazib berilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich may oyida 354,4 mln. kVt tashkil etdi. Demak, bir oyda qariyb 30 mln. kVt tejab qolganini ko‘rsatmoqda. 

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand filiali mutaxassisining ma’lumotlariga quloq tutdik. Bu yaxshi, tejamkorlikka odatlanish foydali. 

Lekin bizningcha, faqat tejamkorlik orqali shu natijaga erishdik, degan qarorga kelish uchun chuqurroq va uzoqroq muddatli kuzatuvlar kerak. May oyining 31 kuni xulosa qilish uchun yetarli emas. Oldinda xavotir bilan kutilayotgan iyun, iyul va avgust turibdi. Buni bejiz aytmayapmiz: masalan, tugayotgan may oyida harorat nafaqat o‘tgan yilga, balki oxirgi o‘nyilliklarga nisbatan ham mo‘’tadil keldi. Oddiy qilib aytganda, konditsioner qo‘shishgayam, pechkani yoqishgayam zaruriyat tug‘ilgani yo‘q.

Dilmurod TO‘XTAYeV.