Javohir Sindorov - Titled Tuesday g‘olibi!

Haftaning har seshanba kuni dunyoning taniqli grossmeysterlari ishtirokida Titled Tuesday onlayn musobaqasi o‘tkazib kelinmoqda.
Ushbu musobaqada o‘zbekistonlik shaxmatchilar ham muntazam ishtirok etib, ijobiy natijalarga erishyapti. Jumladan, kechagi turnirda Javohir Sindorov chempion bo‘ldi. Yosh grossmeysterimiz 11 imkoniyatdan 9,5 ochko to‘plab, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra birinchi o‘rinni egalladi.
Sindorov singari 9,5 ochko jamg‘argan amerikalik Xans Niyemann ikkinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa, kuchli uchlikka meksikalik Xose Martines 9 ochko bilan yakun yasadi. O‘zaro uchrashuvda Javohir Xansni mag‘lub etgani e’tiborga molik holat. To‘qqiz ochkoga ega eronlik Parham Maqsudlu va amerikalik Hikaru Nakamura keyingi pog‘onalardan joy oldi.
Javohir Sindorov Sem Shankland, Xans Niyemann, Parham Maqsudlu, Oleksandr Bortnik kabi kuchli shaxmatchilar ustidan g‘alaba qozondi. Ushbu chempionlik unga 1000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot pulini keltirdi. Magnus Karlsen kechagi turnirda 8,5 ochko bilan 7-o‘rin bilan cheklandi.