Jurnalistika - mashaqqatli kasb, ammo u ijodkorga zavq beradi
Sohada ko‘p yillik tajribaga ega ustoz ijodkorlar, faxriy jurnalistlar bilan davra suhbatlari tashkil etish an’anaga aylanmoqda. Viloyat Matbuot uyida tashkil etilgan tadbir ushbu an’ananing davomi bo‘ldi.
Davra suhbatida gazetachilik sohasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari Gulsara Tinibekova hamda Toshpo‘lat Yusupovning ijoddagi faoliyati esga olindi. Ular o‘zlarining qutlug‘ 60 yoshini qarshiladi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov faxriy jurnalistlardan Normurod Karimov, Yo‘lchi Muhammadiyev, Toshqul Azimov, Tolib Jo‘rayev, Yormamat Rustamov, Bahodir Rahmonovlar ikkala faxriy jurnalistning kasbiy mahorati bugungi yosh ijodkorlarga tajriba maktabi ekani, ular bosib o‘tgan mashaqqatli, lekin zavqli yo‘l bugungi jurnalistika uchun namuna bo‘lishi, ularning bilim va salohiyatida ko‘proq foydalanish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, tadbir qahramonlarining ish faoliyatida va hayotlarida bo‘lib o‘tgan qiziqarli voqealarni esga olishdi.
- Albatta, keyingi paytda o‘tkazilayotgan bu kabi davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar katta tajriba ega ijodkorlarni bir joyda birlashtirmoqda, - deydi “Zarafshon” gazetasi mas’ul kotibi Abdug‘ofir Sherxolov. – Ularni jurnalistikadagi bosib o‘tgan yo‘li, tajribasi bugungi jurnalistikada ham asqotyapti. Eng muhimi, ijodiy davrada yangi g‘oyalar, qarashlar, takliflar bildiriladi. Bu, albatta, jurnalistika rivojiga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ustoz jurnalistlarga uyushma viloyat bo‘limining tashakkurnomasi hamda sovg‘asi topshirildi.
Husan Eltoyev.