“Kamalak yulduzlari” bolalarni birlashtirdi

Bolalar o‘rtasida madaniyat, adabiyot va san’atning turlarini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalida 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan ijodkor bolalar ishtirok etib kelmoqda.

Festivalning viloyat bosqichida tuman, shaharlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan va saralangan 300 dan ortiq bolajonlar viloyat bosqichida o‘z iste’dodlarini namoyish etdi.

2 yosh toifasida, 6 yo‘nalish va 8 nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda 6 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida nazm va nasr yo‘nalishi bo‘yicha ishtixonlik Sabrina Komilova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

- Tanlov yakunida boshlovchi g‘oliblarni sahnaga chaqirayotib, mening ham ism-familiyamni o‘qiganda juda xursand bo‘lib ketdim, - deydi u. – Bu festivalga ustozim bilan kelgan edim. Ayamga birinchi o‘rinni olib qaytaman deb va’da berib kelgandim. Buni uddaladim. Tadbirdan so‘ng tashkilotchilar meni chaqirib, festivalning respublika bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rishimni aytishdi. Nasib bo‘lsa, respublikada ham o‘rin olaman.

Jami ikki yosh toifasida 54 nafar 1-,2- va 3-o‘rinni egallagan iqtidorli bolalar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shahlo Ne’matillayeva.