"Keksalar haftaligi" keksalarga nima berdi: yakun, tahlil, taqqos

4-10 oktyabr kunlari mamlakatimizning barcha hududida bo‘lgani kabi viloyatimizda ham “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish - xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida "Keksalar haftaligi" tadbirlari o‘tkazildi.
Ushbu haftalik yakunida Urgut tumaniga press-tur tashkil etildi. Tadbirda tuman ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan nuroniylar, mahalla faollari, tuman hokimligi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi vakillari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tumanning “Nuroniylar maskani”da nuroniy otaxonlar bilan davra suhbati o‘tkazildi. Unda mazkur haftalikda keksalar holidan xabar olish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar alohida ta’kidlandi.
- Haftalik tadbirlari doirasida viloyatimizda 18 nafar urush qatnashchisi, 986 nafar frontorti mehnat faxriylari, 57 nafar 100 yoshdan oshganlar holidan xabar olinib, sovg‘a-salomlar ulashildi, - dedi viloyat “Nuroniy” jamoatchilik kengashi raisi Saidahmad Usmonov. - 532 nafar shifoxonalarda davolanayotgan, 1812 nafar uyida yotib qolgan keksalar holidan xabar olindi, turli sovg‘alar, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar ulashildi. Sayyor tibbiyot brigadalari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida istiqomat qilayotgan keksalarga oziq-ovqat va boshqa turdagi muruvvat yordamlari ko‘rsatildi.
Ushbu haftalik doirasida viloyatimizdagi nuroniylar jamoatchilik kengashlari a’zolari hamda mahallalardagi ijtimoiy faol nuroniylarlardan 50 nafari Toshkent shahrigi sayohat qilib qaytdi.
- Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” va “G‘alaba bog‘i”da bo‘ldik, - deydi “Jag‘izmon” mahallasi faoli Rabbim bobo Egamberdiyev. –Obodonchiliklar, yurtimiz ravnaqi yo‘lida qilinayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib ko‘zimiz quvondi. Qolaversa, hukumatimiz tomonidan biz nuroniylarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan mamnun bo‘ldik.
Tadbir ishtirokchilari press-tur marshrutini avval tumandagi ulug‘ qadamjo “G‘avsul-A’zam” ziyoratgohidan boshladi. O‘tganlar haqiga Qur’on tilovat qilindi. Ulug‘ valiy zot va u kishining merosi haqida ma’lumot berildi. Ushbu maskanda muzey tashkil etilgan bo‘lib, mo‘’jaz muzey qadamjo joylashgan G‘o‘s qishlog‘i tarixidan dalolat beruvchi eksponatlar bilan boyitilgan.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari tumanning “Navbog‘” mahallasida yashovchi 101 yoshli nuroniy onaxon Izzatoy Ro‘ziyeva xonadonida bo‘ldi. Olti farzandni tarbiyalab, elga qo‘shgan Izzatoy aya bugun yuzdan ortiq nevara-chevaralar e’zozida, shukrona hissi bilan yashayapti.
- Farzandlarim menga doim kamarbasta, - deydi aya ularni duo qilib. – Qiyin davrlarni ham boshdan o‘tkazdim. Shukrki, bugun mehnatlarimning samarasini ko‘ryapman. Tinch yurtda mehnat qilish, atrofingdagi insonlar e’tiborida yashashning o‘zi katta baxt.
Suhbat so‘ngida onaxon holidan xabar olib turgan mutasaddilarga minnatdorchilik bildirdi, Yaratgandan yurtimiz ravnaqini so‘rab duoga qo‘l ochdi.
Press-tur davomida tadbir ishtirokchilari va nuroniylar tumanda bugun olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, “Vag‘ashti” mahallasida bo‘lib, mahallaning yangi binosini topshirish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda tuman hokimi Botir Jabborov so‘zga chiqib, mahalla ahlini yangi, barcha sharoitlar mavjud mahalla binosiga ega bo‘layotgani bilan tabrikladi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari tumandagi “Muruvvat” uyida ham bo‘ldi. Bu yerda bemorlarga yaratilgan sharoit bilan tanishib, keksa bemorlar holidan xabar olindi.
Sulaymon Mardiyev.