Mazlumning duosi

Bir qashshoq baliqchi katta baliq tutib, xursand bo‘lib ketayotsa yo‘lidan zo‘ravon bezori chiqib baliqni unga berishini so‘rabdi.
Baliqchi bu baliqni sotib, bolalariga yeyish uchun xarajat qilishini, bolalarini ochligini aytibdi. Ammo zo‘ravon kuch ishlatib baliqni tortib olibdi.
Baliqchi och bolalari uchun qancha yalinib, yolvormasin mushtumzo‘r bezori pinagini buzmaslan baliqni olib jo‘nab ketibdi. Yo‘lda baliq tipirchilab, to‘rdan pastga tushib ketibdi.
Bezori baliqni tutib, qayta to‘rga joylashtirayotgan mahal baliq bosh barmog‘ini jarohatlabdi. Bunga e’tibor bermagan zolim odam uyiga kelib, hech narsani o‘ylamay baliqxo‘rlik qilibdi.
Jarohatlangan barmog‘i tuni bilan unga uyqu bermay, qattiq og‘rib chiqibdi. Og‘riqqa chidamagan odam ertasiga tabib huzuriga boribdi.
Tabib jarohat jiddiyligi, ya’ni bu gangrena (chirish) kasalligi ekani, agar barmoqni kesib tashlamasa kasallik butun qo‘lga o‘tishini aytibdi.
Barmoqni kesib tashlabdi. Og‘riq to‘xtamabdi. Tabib qo‘lni tirsagigacha kesib tashlabdi. Og‘riq baribir to‘xtamabdi. Bir qo‘lni yelkagacha kesib tashlabdi...
Og‘riqdan iztirobda qolgan odam ilmli donishmand huzuriga boribdi. Donishmand voqeani negizigacha surishtirib bilibdi va debdi:
- Sen zudlik bilan baliqchini izlab top. Sening darding uning norizoligida. Tez uzr so‘rab, baliqchini rozi qilmasang dardingga davo topolmaysan.
Zolim baliqchini izlab topibdi. Uning oyoqlariga yiqilib, uzr so‘rabdi, bo‘lgan hodisani aytib beribdi. Baliqchi u odamni kechiribdi.
Shunda u odam baliqchidan so‘rabdi:
- Sendan baliqni tortib olgan kunim meni qarg‘aganmiding?
Baliqchi shunday debdi:
- Yo‘q, ammo Allohga "U bilaklaridagi kuchi bilan menga zo‘ravonlik qildi. Mening kuchim yetmadi, men bu ishni senga topshirdim", deb ko‘zlarimda yoshim bilan uyga och bolalarim oldiga quruq qo‘l bilan qaytgandim.
Bir qo‘lidan ayrilgan odam faryod qilib yig‘labdi, ammo endi kech...