Mo‘’jizalar va sovg‘alar archa ostida bo‘ladi...
Hamma joyda bayramona kayfiyat bag‘ishlab kishi ko‘zini quvnatadigan Yangi yil bezaklari yarqirab turibdi. Adme.ru nashri bayram kunlari hayotda oddiy odamlar bilan sodir bo‘lgan oddiy hikoyalarni to‘pladi.
* Ushbu voqea 2003 yilda bo‘lgandi. 31 dekabr kuni ishdan qaytayotgandim. To‘satdan burchakdan Qorbobo paydo bo‘ldi. U meni ismim bilan chaqirib: “Tabriklayman! Siz bu yil o‘zingizni yaxshi tutdingiz, mana sovg‘angiz!”, deb bir sumkani uzatdi. Hayratda qoldim va “Rahmat!”, deya sovg‘ani oldim. Uyga kelib sumkani ochsam, unda konfetlar va yuz kremi bor ekan. Bu menga juda xush keldi, biroq Qorboboning kimligi men uchun sir bo‘lib qoldi. Krem ham mutlaqo yaxshi bo‘lib chiqdi, hali ham aynan shunaqasidan sotib olaman...
* Shahrimizda Yangi yil oldidan bitta kvartiraga o‘g‘ri tushdi. O‘g‘rilar qo‘llaridan kelgancha hamma narsani olib chiqib ketishibdi. Birozdan so‘ng ma’lum bo‘lishicha, bu kvartirada bolalar uyi bolalari uchun yangi yil sovg‘asi sifatida narsalar va mablag‘lar yig‘ilgan ekan. Qizig‘i, bu haqda bilib olgan qaroqchilar hamma narsani qaytarib olib qo‘yib ketishibdi. Bugun sovg‘alar bolalarga yetkazib berildi. Hayotda shunday mo‘’jizalar ham sodir bo‘lib turadi...
* 13 yoshda edim va Yangi yil arafasida ota-onam men uchun tayyorlab, yashirib qo‘ygan sovg‘ani izlab topishga qaror qildim. Notanish hujjatlar jamlangan papkaga duch kelgunimga qadar, qimmatbaho buyumni qidirib butun uyni aylanib chiqdim. Men ota-onam barcha muhim hujjatlarni qayerda saqlashi va ular qanday ko‘rinishga egaligini bilardim, lekin bunisini birinchi marta ko‘rishim edi. Albatta, uni o‘qiy boshladim.
10 sentyabrda tug‘ilgan Mariyani asrab olish hujjatlari ekan. Tug‘ilgan kuni va yiliga qaraganda, ikkovimiz ham taxminan xuddi shu yoshdamiz. Nigohim hujjat imzolangan sanaga tushgunga qadar taxminan 5 daqiqa davomida men bu qiz kimligi va nega uning hujjatlari bizning uyda saqlanayotganini tushunolmadim. Shundan so‘ng, asrab olingan ekanligimga tushunib yetdim! Ular mening ismim va tug‘ilgan kunimni o‘zgartirgan ekan. Bilasizmi, men hech qachon o‘zimni o‘sha kundagidek baxtli his qilmaganman! Axir, ota-onam minglab bolalar orasidan meni tanlagan!
Shunchalik iliqlik va g‘amxo‘rlik qilib, meni katta qilgan ota-onam menga begona bo‘lishi mumkinligini bir soniyaga ham tasavvur qila olmasdim. Yillar o‘tdi. Kecha turmush o‘rtog‘im bilan qiz farzand asrab olish uchun hujjatlarni rasmiylashtira boshladik. Umid qilamanki, biz ham unga yaxshi ota-ona bo‘la olamiz!
* Yangi yil bayramini oila a’zolarim bilan nishonlash uchun ularga “syurpriz” tayyorlab, aytmasdan boshqa shahardan kelishga qaror qildim. Eshikni ochib kirganimda, faqat mushuk meni kutib oladi. Ma’lum bo‘lishicha, ota-onam va ukalarim ham meni ajablantirishga qaror qilishgan va mening uyimga ketishgan ekan! Natijada, ular mening uyimda bayram qiladigan bo‘ldi, men esa ularning uyida qolib, Yangi yil kechasi to‘yib uxladim.
* Men 30 dekabr kuni tug‘ilganman. Ko‘pincha bu kunda ishxonamda Yangi yil bayrami ziyofati o‘tkaziladi. Shunday qilib, hamkasblarim bilan ham yangi yilni, ham mening tug‘ilgan kunimni bir kunda nishonlaymiz. Aytgancha, bu menga juda yoqadi. Lekin gap bunda emas. Bu yil boshlig‘im menga jamoa nomidan katta guldasta sovg‘a qildi. Gullar kechgacha ishxonamdagi guldonda turardi. Jamoamizning deyarli barcha qizlari bu guldasta bilan suratga tushib, uni sevgan kishisi berganini yozib, internetga joylashtirgani ma’lum bo‘lgach, hammamiz qahqaha urib kuldik. Oh, bu ayollar...
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.