Sudyalar bilan ochiq muloqot va trening o‘tkazildi
Buxoro shahrida “Ommaviy axborot vositalarida sudlar faoliyatini mas’uliyatli yoritishda jurnalist va blogerlarning kasbiy mahoratini oshirish” mavzusida trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-Vest Management Institute” NNT O‘zbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sudlar faoliyatini yoritish tartibi, jarayonda so‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi bo‘yicha qonunlarni to‘g‘ri qo‘llash masalalarida fikr almashinilib, ilg‘or tajribalar ommalashtirildi.
Trening doirasida sudyalar bilan ochiq muloqot ham o‘tkazildi. Unda sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, aholining sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash masalalar muhokama etildi. Tadbir ishtirokchilariga ochiq va yopiq sud jarayoni, sud va tergov hujjatlarini yoritishning tartibi va muhim omillari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.