O‘zbekiston va Malayziya oliy ta’limi sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
Malayziyaning Perak shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda oliy ta’lim sohasidagi imkoniyatlar va tashabbuslar” mavzusida birinchi O‘zbekiston – Malayziya ta’lim forumi ish boshladi.
Forumda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Samarqand davlat chet tillar instituti vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti vakillari Samarqandning turizm salohiyati va oliygohda xorijiy hamda mahalliy talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, turizm sohasiga malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi amaliy ishlarni targ‘ib qilmoqda. Ahamiyatlisi, forum ishtirokchilarining universitet faoliyati bilan yaqindan tanishish va unga bo‘lgan qiziqishi ortmoqda.
Forum doirasida ta’lim va ilm-fan sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilmoqda hamda ikki davlat universitetlari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolanyapti. Bu borada Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Xoliqov hamda Malayziyaning Sulton Idris pedagogika universiteti (Universiti Pendidikan Sultan Idris) rektori, professor Dato Amin Bin Taff janoblari o‘rtasida xalqaro hamkorlik kelishuviga erishildi.
Unga binoan endilikda tomonlar o‘rtasida xorijiy tillar o‘qituvchilari almashinuvi, 2025-2026 yildan talabalar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish hamda malayziyalik talabalar uchun Samarqand davlat chet tillar institutida ta’lim va sayohat mazmunidagi yozgi maktablar faoliyati tashkil etiladi.