Paxtachida gaz idorasi xodimlari muammolarni bartaraf etmoqda
Unda Paxtachi tumani hokimligida "Jamoatchilik nazorati" guruhlari o‘rganishlari yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilish tafsiloti berilib, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov mahalliy boshqaruv idoralari vakillarining muammolarni bartaraf etishda fuqarolardan soxta tashakkurnomalar yozdirib olganini, jumladan, gaz ballonlari yetkazish bo‘yicha 37 ta, qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha 4 ta, ishga joylashtirishda 9 ta, tijorat banklari tomonidan 5 ta arz ijobiy hal bo‘ldi, deb yolg‘on ma’lumot berilganini ta’kidladi.
Ushbu xabar on-layn tartibida, tezkorlik bilan berilgani bois “gaz ballonlari yetkazish bo‘yicha 37 ta” jumlasi texnik xato tufayli “gaz ballonlari yetkazish bo‘yicha 370 ta” tarzida berilgan. Ushbu texnik xato yig‘ilish tugagandan so‘ng Samarqand viloyati bo‘yicha hududiy gaz ta’minoti filiali mutasaddilari bilan mavjud holat o‘rganilgach, saytda xabar matni to‘g‘rilangan. Biroq undan oldinroq “Kun.uz”, “Daryo.uz” kabi ijtimoiy tarmoqlar xabarni eski holicha olib, o‘z saytlari orqali tarqatgan.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov ta’kidlab o‘tgan Paxtachida aholiga to‘ldirilgan suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berishdagi mavjud kamchiliklardan soha rahbar va xodimlari yetarlicha xulosa chiqarib oldilar. 37 ta soxta tashakkurnoma bilan bog‘liq holat bartaraf etilib, to‘ldirilgan suyultirilgan gaz ballonlari fuqarolarga yetkazib berildi.
Jumladan, tumandagi Saroy mahallasida yashovchi fuqarolar M.Eshquvvatova, Yulduz Kenjayeva, G.Ro‘ziqulova va Nurafshon mahallasida yashovchi T.Saparovlar xonadoniga to‘ldirilgan suyultirilgan gaz ballonlari tegishli tartibda topshirildi.
Shuningdek, viloyat hududiy gaz ta’minoti filiali tomonidan 3 nafar kam ta’minlangan oilaga gaz plitasi ham qo‘shib berildi.
Ayni vaqtda gaz balloniga ehtiyoji bo‘lgan boshqa murojaat egalarini to‘ldirilgan suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda.
G‘olib ABDUSALOMOV.