Samarqandda palov chempionati g‘oliblari aniqlandi

Samarqand shahridagi “Bog‘ishamol Garden” dam olish maskanida viloyat turizmni rivojlantirish departamenti O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi bilan hamkorlikda “World Plov Shampionship" pazandachilik musobaqasi tashkil etilgani haqida axborot bergandik.

Mazkur bellashuvda turk, uyg‘ur hamda respublikamizning 8 viloyatidan kelgan tajribali oshpazlar turlicha palov tayyorlash usullari bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

Xorijlik sayyohlar va shahrimiz mehmonlari ko‘z o‘ngida mahorat bobida bir-biridan qolishmaydigan oshpazlar tanlovi g‘oliblari aniqlandi. Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning qozon-o‘choqlari atrofi tozaligi, ishlash tartibi, masalliqlarning tarkibi, ularni to‘g‘ri tayyorlash, ijodkorligi va taom taqdimoti, sifati hamda ko‘rsatkichlari bo‘yicha baholab borishdi.

Hakamlarning yuqori bahosi hamda mehmonlarning olqishiga sazovor bo‘lgan Toshkent shahridan kelgan oshpaz Fayzulla Abdullayev tomonidan tayyorlangan bayramona palov 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin samarqandcha palov tayyorlagan mohir oshpaz Ismatilla Islomovga nasib qildi. Musobaqaning 3-o‘rniga toshkentlik yosh oshpaz Akrom Obidovning choyxona palovi sazovor bo‘ldi.

- Mazkur chempionatda «Alanga» guruchidan bayramona palov tayyorlab g‘olib bo‘ldim, - deydi toshkentlik oshpaz Fayzulla Abdullayev. – Raqiblarim ham tajribali oshpazlar hisoblanadi. O‘zim ham bir necha bor respublika va xalqaro tanlovlarda qatnashib, palov, manti, somsa, chuchvara kabi milliy taomlarimizni tayyorlab, yurtimiz milliy oshxonasining jahonga tanilishida hissamni qo‘shib kelyapman. Tayyorlagan palovim mehmonlarga manzur bo‘lganidan xursandman.

Yurtimizda tayyorlanadigan milliy taomlarni targ‘ib qilish orqali gastronomik turizmni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, mazkur oshxona chempionatini tashkil etish ham shu yo‘nalishda olib borilayotgan rejalarning bir qismi sanaladi.

- Butun dunyoda gastronomik turizm barcha sayyohlarni o‘ziga jalb etadi, - deydi O‘zbekiston Gastronomik turizm assotsiatsiyasi prezidenti Gulnoza Odilova. - Jumladan, yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlar ham tarixiy yodgorliklardan tashqari, milliy taomlarimizni tatib ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lishadi. Ular bugun Samarqand shahrida palovning turli usullarda tayyorlanishini ko‘rib, lol qolishdi va ta’mi, tuzilishi, rangi va masalliqlari turlicha bo‘lgan shirin va lazzatli oshlarimiz yoqqanligini ta’kidlashmoqda.

Tadbirda viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan milliy ashula va raqs ansambli xonanda va raqqosalarining badiiy chiqishlari hamda Sohibqiron Amir Temur davriga oid milliy hunarmandchilik mahsulotlari, tarixiy liboslar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.