Samarqanddagi yangi futbol akademiyasida qanday sharoitlar yaratilgan?
Samarqand shahridagi Qorasuv massivida ikki yildan buyon viloyat futbol akademiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mazkur akademiya davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 9 sentyabrdagi “O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tizimidagi futbol akademiyalari va futbol maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida tashkil etilgan.
154 o‘rinli sport-ta’lim muassasasining qurilishiga 35 milliard so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lib, o‘quvchilarning tahsil olishi, mashg‘ulot o‘tkazishi, ovqatlanishi va yashashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Akademiyaga qarashli uch qavatli zamonaviy o‘quv binoda 12 ta sinfxona, 5 mingta kitob sig‘imiga ega kutubxona, 9 ta ma’muriyat binosi, 2 ta o‘quv laboratoriya xonasi va o‘quv zali mavjud, – deydi viloyat futbol akademiyasi direktori o‘rinbosari Ma’mur Dilmurodov. – Shuningdek, 154 o‘rinli oshxona va yotoqxona, ikkita yuvinish xonasi, tibbiyot xonasi, standart talablarga mos ikkitadan tabiiy va sun’iy futbol maydoni, sport zal, trenajyor zali, 1 ta sauna va basseyn o‘quvchilar ixtiyorida.
Respublikadagi akademiyalardan farqli ravishda muassasada 23 nafar trener,14 nafar fan o‘qituvchisi qo‘l ostida mashg‘ulotlar va ta’lim jarayoni birgalikda olib borilmoqda. Ya’ni, ertalabki mashg‘ulotlardan so‘ng 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilariga birinchi navbatda dars boshlanadi va bu vaqtda 6-, 7-, 8-sinf o‘quvchilari mashg‘ulotda bo‘ladi. Soat 10:30 da quyi sinf o‘quvchilariga dars, yuqori sinf o‘quvchilariga esa mashg‘ulotlar boshlanadi.
– Besh yildan buyon futbol akademiyasida o‘qiyman, – deydi ishtixonlik 10-sinf o‘quvchisi Alimardon Malikov. – Oldingi yillarda akademiyada stadionlar talabga javob bermasdi, bitta katta yotoqxonada 20 nafardan ziyod bola turardi, maktabga qatnab o‘qirdik. Hozir esa yangi futbol akademiyasida barcha sharoit yaratilgan – zamonaviy o‘quv binosi, mashg‘ulot maydonlari va sport zal, oshxona, yotoqxona hammasi bitta hududda joylashgan, dars va mashg‘ulotlarni malakali o‘qituvchi-trenerlar olib boradi. Bu imkoniyat unumli foydalanish kerak, xolos.
Akademiyaga sportchilar saralab olinadi
Ayni paytda akademiyaning 8 nafar futbolchisi O‘zbekistonning turli yoshdagi terma jamoalari asosiy va zaxira tarkibiga qabul qilingan. Shuningdek, 2006, 2007, 2008, 2009 yillarda tug‘ilgan sportchilar viloyatimizning “Dinamo” futbol jamoasi asosiy tarkibi hamda U-19 va U-21 guruhlariga qamrab olingan.
– Akademiyaga sport maktablarining faol, tezkor, aqlan yetuk va jismonan baquvvat, yuqori natijalarga erishib kelayotgan sportchilari maxsus tanlov asosida qabul qilamiz, – deydi viloyat futbol akademiyasi direktori o‘rinbosari Jasur Qudratov. – Har bir mashg‘ulotni muassasamiz murabbiylari bilan reja asosida tashkil qilib, hafta oxirida natijalarni tahlil qilib boramiz. O‘tgan yilda Qatarning “Ispar” akademiyasi faoliyati va murabbiylarning futbolchilarni tayyorlash metodikasi bilan tanishdik va akademiyamizdagi yetti guruhda zamonaviy futbol asosida sportchilarni tayyorlash tendensiyasini yo‘lga qo‘ydik. Albatta, harakatlarimiz besamar ketmayapti. 2024 yilning sentyabr oyida respublikadagi futbol akademiyalari futbolchilari o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat chempionatida 2009 yilda tug‘ilgan o‘smirlar jamoamiz O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Bu hali yutuqlarimizning boshlanishi, kelgusida mamlakatimiz terma jamoalari va Yevropaning nomdor klublariga ham iste’dodli futbolchilar yetkazib beramiz.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tasdiqlagan qo‘llanma asosida akademiya futbolchilarining o‘sish dinamikasi nazorat qilib boriladi va har olti oyda attestatsiyadan o‘tkaziladi. Bordi-yu futbolchining natijasi qoniqarsiz bo‘lib boraversa, ular bilan xayrlashib, yangi iqtidorlar akademiyaga jalb qilinadi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.