Kuz-qish mavsumida elektrdan muammo bo‘lmaydimi?
Viloyat aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz, sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Hozirgi kunda viloyatda 1 million 22 ming 850 nafar iste’molchi mavjud bo‘lib, shundan 63 ming 485 tasi yuridik, 959 ming 365 tasi jismoniy shaxs. Filial tasarrufida 32 ming 123,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 15 ming 42 ta transformator punkti mavjud.
– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 3 ming 20 kilometr elektr tarmog‘i va 1 ming 220 ta transformator punkti mukammal ta’mirlanib, reja 100 foizga bajarildi, – deydi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Samarqand hududiy filiali bosh muhandisi Ilhom Norboyev. – Shuningdek, 6 ming 986,5 kilometr elektr tarmog‘i va 2 ming 61 ta transformator punktida joriy ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 6 ming 591 kilometr tarmoq va 1 ming 955 ta transformator punktida ishlar bajarildi. Elektr tarmoqlariga yaqinlashgan daraxt shoxlarini tozalash ishlari 2 ming 333 kilometr masofada amalga oshirildi.
Avariya holatlarini tezkor bartaraf etish uchun 765 nafar mutaxassis, 21 ta maxsus texnika va 73 ta xizmat avtomashinasi jalb qilinib, 101 ta avariya-tiklash brigadasi tashkil etildi. Mavsum uchun 30 dona turli quvvatdagi transformator, 172 dona temir-beton tayanch, 16,5 kilometr kabel, 376 dona mufta, 39,3 tonna transformator moyi hamda 10 ming 300 dan ortiq izolyator, saqlagich va boshqa elektr jihozlari zaxirasi shakllantirildi.
Ma’lum qilinishicha, viloyatdagi transformator punktlari qizil va sariq toifalarga ajratilgan bo‘lib, 15 ming 42 ta transformator punktining 1 ming 220 tasi qizil, 7 ming 703 tasi sariq toifaga kiritilgan. Bugungi kunga qadar qizil toifadagi transformator punktlarining barchasi, sariq toifadagilarning esa 4 mingtasi ta’mirlangan. Yilning o‘tgan davrida davlat dasturlari doirasida viloyatda jami 228,2 kilometr elektr uzatish tarmog‘i qurilib, 89 ta transformator punkti o‘rnatilgan.
Ilhom Norboyevning ma’lum qilishicha, ta’mirlash ishlari uchun «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan 2,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 690 dona avtomat, 370 dona rubilnik, 8 ming 100 dona saqlagich, 4 ming 500 dona saqlagich ushlagichi, 22 ming dona nakonechnik, 2 ming 800 dona izolyator, 5 kilometr APV va 23 kilometr SIP kabeli xarid qilingan. Shu bilan birga, Davlat xaridlari markazi tomonidan 3 tonna AS-50 sim, 25 dona turli quvvatdagi transformator, 2 mingdan ortiq temir-beton ustun, 25 dona RLND va 3 mingdan ortiq boshqa elektr jihozlari yetkazib berilgan.
Rejaga ko‘ra, yil yakuniga qadar mavsumga tayyorgarlik ishlari to‘liq bajariladi.