Samarqandga zamonaviy kompyuter jihozlari karvoni keldi

Bugun Samarqand shahrining Ko‘ksaroy maydonida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” nomli kompyuter jihozlari karvoni saf tortdi.

Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan viloyatimizga keltirilgan kompyuter jihozlari karvoni barcha tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘lim boshliqlariga berildi.

Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga berilayotgan e’tibor sabab bugun maktablarimiz zamonaviy rusumdagi kompyuter, elektron doska va boshqa o‘quv jihozlari bilan ta’minlanyapti, - dedi tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev. – O‘ylaymanki, ushbu kompyuterlar maktab o‘quvchilarining sifatli bilim olishlariga, kelajakda zamonaviy kasblar egallashiga xizmat qiladi.

Ushbu karvonda keltirilgan zamonaviy kompyuter jihozlari viloyatimizdagi 135 ta maktabga tarqatildi, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. – Shuningdek, karvonda elektron doska, kompyuter hamda 723 dona planshet qurilmalari bo‘lib, ular 9 ta maktabgacha ta’limi tashkilotlariga berildi.
- Ayrim maktablarimizda ma’nan eskirgan kompyuterlar bor edi, - dedi Ishtixon tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Gulchehra Saidmurodova. – Bu yangilikni eshitib, maktab direktorlari juda xursand bo‘ldi. Tumanimizdagi o‘nta maktabga bir komplektdan kompyuter jihozlari berildi.

Darhaqiqat, har bir maktabga 11 nomdagi jihozlar, ya’ni 16 ta kompyuter, printer, stablizator, konditsioner va boshqa jihozlar, shuningdek, maktab rahbarlari uchun ham kompyuter jamlanmasi tarqatildi.
Bundan tashqari, zamonaviy kompyuter texnikalarini belgilangan joylarga yetkazib berishdan tortib, ularni talablar asosida o‘rnatilishigacha bo‘lgan jarayon davlat tomonidan amalga oshiriladi.

Xurshida Ernazarova.