Saranjom-sarishtalikka barchamiz mas’ulmiz!

Saranjom-sarishtalik, obodlik azaldan samarqandliklar turmush tarzining o‘ziga xos belgisi bo‘lib kelgan. Qo‘ni-qo‘shnilarning bir-biriga munosabati, yaqinligi ham o‘z uyi va uning atrofini toza-ozoda saqlashi bilan ham shakllangan. Erta tongda darvoza oldini supurib-sidirish, ko‘cha va yo‘laklarga suv sepish o‘sha xonadonda yashovchi kishilarning turmush tarzidan darak bergan.

Tozalik bo‘lmagan joydan baraka ketadi, supurilmagan hovliga farishtalar kirmaydi, degan gaplar ham ana shu mezonlardan kelib chiqqan.

Afsuski, bugun ko‘pchilik ana shu naqllar mohiyatini anglamayotgandek go‘yo. O‘z xonadoni, ish joyi va uning atrofini saranjom-sarishta saqlashga avvalo, shu uyda yashovchilar, ishlovchilar mas’ul va bundan manfaatdor ekanligini unutib qo‘ydik.

Prezident qarorida unutilib ketayotgan ana shu qadriyat, an’ana huquqiy asosda belgilab qo‘yildi.

Hududni obodonlashtirish, toza-ozoda saqlashga har bir samarqandlik mas’ul ekanligini unutmaylik!