Shavkat Mirziyoyev Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qildi
Prezident axborot xizmatiga ko‘ra, suhbatda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi davrida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish borasida birgalikda katta ishlar qilingani, o‘zaro ishonch va sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.
"Yetakchilar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi amaliy hamkorlik holati va istiqbollarini ham muhokama qildilar, turli darajalarda muntazam siyosiy muloqot va faol aloqalarni davom ettirish muhim ekanini ta’kidladilar.
Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan savdo, investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Moliyaviy-texnik ko‘makni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni, eng avvalo, O‘zbekistonda nemis tilini chuqurlashtirilgan o‘qitish sohasida kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Prezidentlar xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. Vaziyatning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘ymaslik va mojaroni tez fursatda tartibga solish uchun siyosiy-diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi", deyiladi xabarda (https://president.uz/uz/lists/view/5043).
Telefon muloqoti har doimgidek ishonch ruhida va do‘stona muhitda o‘tdi.