Sudyalar qishloqqa bordi
Viloyat sudining galdagi sayyor qabuli Samarqand tumanining Ravanak qishlog‘ida tashkil etildi.
Bu galgi sayyor qabulda faqat viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi T.Fayziyev emas, ular bilan birga viloyat sudi raisi o‘ribosarlari T.Boyzoqov va Z.Allaboyev, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudi raisi N.Rajabov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanalararo sudi raisi B.Farmonov hamda Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi F.Majidov ham ishtirok etdi. Unda fuqarolarning sud-huquq masalalari yuzasidan murojaatlari tinglandi.
Sayyor qabul davomida 32 ta murojaat bo‘ldi. Shundan qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi, qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi. Sababi, sud-huquq masalalaridagi murojaatlar hal etilishi aksariyat hollarda vaqt va jarayon talab qiladi.
Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazosini o‘tayotgan 11 nafar fuqaro viloyat sudi raisi qabulida qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi hamda bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.
Tadbir davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal etildi.
Viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.