Tramp Germaniyani himoya qilishdan bosh tortdi
AQSh Germaniyadagi Amerika harbiylari sonini kamaytirishga qaror qildi. Mamlakat Prezidenti Donald Tramp Tvitter sahifasida o‘zining bu boradagi fikrini bildirdi.
“Germaniya elektr energiyasi uchun Rossiyaga yiliga milliardlab dollar beradi. Shundan so‘ng biz Germaniyani Rossiyadan himoya qilishimiz kerakmi? Bundan tashqari, Germaniya NATOga to‘lanadigan ikki foizli badalni kechiktirmoqda. Shu sababli biz ayrim harbiy qo‘shinimizni (Germaniyadan) olib chiqishga qaror qildik”, deb yozdi AQSh yetakchisi.
Biroz oldin AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper Pentagon 11,9 mingga yaqin harbiylarini Germaniyadan olib chiqib ketishini, shuningdek, AQSh Qurolli kuchlari Yevropa qo‘mondonligi shtabini Belgiyaga ko‘chirishini ma’lum qilgan edi.
Espertning so‘zlariga ko‘ra, Amerika harbiylarining ko‘chirilishi yaqin haftalarda amalga oshiriladi. Ko‘chirilayotgan harbiylarning 5,6 ming nafari boshqa NATO davlatlari hududiga yuboriladi. Qolgan qismi AQShga qaytariladi.