Turkiya yarim yilda turizmdan qariyb 26 mlrd dollar daromad oldi

O‘zbekistondagi turizm natijalari bilan solishtirish va xulosa qilishga arziydigan raqamlar...
Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida mamlakatga 26 million 388 ming 831 nafar xorijlik sayyoh kelgan. Turkiyaning joriy yilning birinchi yarmida turizmdan tushgan daromadi 7,6 foizga o‘sib, 25,8 milliard dollarga yetgan.
2025 yilning dastlabki 6 oyida Turkiyaga tashrif buyurgan xalqaro sayyohlar mamlakatda o‘rtacha 10 kecha qolgan, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan atigi 0,9 foizga past, lekin bir kecha-kunduzda o‘rtacha 106 dollar sarflagan, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 8 foizga ko‘pdir.
“Yilning birinchi yarmida sodir bo‘lgan ko‘plab geosiyosiy qiyinchiliklarga qaramay, Turkiya turizm sohasida barqaror o‘sishni saqlab qoldi. Yo‘nalishlarimiz, mahsulotlarimiz va xizmatlarimizni diversifikatsiya qilishga qaratilgan strategik harakatimiz o‘z samarasini bermoqda. Ushbu qiyin sharoitda ham asosiy ko‘rsatkichlarda o‘sish davom etmoqda. Umid qilamizki, turizmdan yil yakuniga qadar 64 milliard dollar daromad olamiz”, dedi vazir Mehmet Nuri Ersoy.
Yilning birinchi olti oyida Turkiyaga eng ko‘p sayyoh - Rossiya Federatsiyasi (2,61 million kishi), Germaniya (2,42 million kishi) va Buyuk Britaniya (1,75 million kishi)dan kelgan. Shuningdek, Amerika qit’asidan, ko‘plab yevropalik raqobatchi hamda Markaziy Osiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlardan borgan turistlar sonida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan.