Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i deputatlarga hisob bergisi kelmadi

Partiya vakillari ham ortga chekinmoqchi emas. Holat xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi yig‘ilishida qayd qilingan.
Qayd etilishicha, O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Tojiyev va sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyevning hisoboti tinglangan.
Ravshan Tojiyevning bildirishicha, viloyatda 348 yo‘nalishda 2772 ta transport vositasi belgilangan yo‘nalishlarda, 18 ming 232 fuqaro o‘zini-o‘zi band qilgan holda 18 ming 615 ta transport vositasi bilan yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatmoqda.
O‘tgan 2024 yilda tashuvchi-tadbirkorlar tomonidan Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan 228 ta avtobus hamda 22 dona zamonaviy mikroavtobus shahar va shahar atrofi yo‘nalishlariga joylashtirilgan. Yil yakunigacha yana 50 ga yaqin elektr avtobuslar olib kelinadi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev viloyat aholisiga 342 ta tibbiy muassasa tomonidan xizmat ko‘rsatilayotganini qayd etgan.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatuvchi muassasalar shifokorlari tomonidan ambulator sharoitda davolanishga muhtoj eng ko‘p uchraydigan 7 guruhdagi surunkali kasalliklarga 27 turdagi dori-darmon vositalari elektron retsept asosida bepul berilishi va dorixonalarning tegishli sarf-xarajatlari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadigan bo‘lyapti.
Boshqarma boshlig‘i aholi salomatligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan boshqa masalalarni ham qayd qilgan.
Misol uchun, 2310 nafar bemorga hududiy tibbiyot birlashmalari tomonidan viloyat va respublika markazlarida bepul yuqori texnologik davolanishlari uchun elektron yo‘llanmalar berilgan.
Yig‘ilishda deputatlar har ikki soha rahbariga saylovchilar manfaatlaridan kelib chiqadigan savollarga javolb olib, ular boshchilik qilayotgan tizimda davlat xizmatini ko‘rsatish sifatini oshirish borasida tavsiyalar bergan.
Kun tartibida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Elyor Tolliyevning hisobotini eshitish ham belgilangan bo‘lib, boshqarma boshlig‘i mutaxassisni yuborganligi sabab hisobot tinglanmagan va keyingi eshituvga qoldirilgan.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan esa deputatlik guruhining tegishli qarorlari qabul qilingan.