Yon daftarchalar: “Dunyoda hali ham adolatsizlik borligidan afsusdaman”

XX asr fransuz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, adabiyot bo‘yicha 1957 yilgi Nobel mukofotining sohibi Alber Kamyu (1913-1960 yillar) mohir adib, dramaturg, faylasuf sifatida insoniyat madaniyatida yorqin iz qoldirgan.

Kamyuning “Yon daftarchalari” (yozuvchining o‘z tili bilan aytganda — “daftarlari”) o‘quvchida xassos san’atkorning ijod olami sirlari, dunyoqarashi, tabiat va jamiyatga munosabatlari haqida bir olam tasavvur hosil qiladi. “Yon daftarchalar” uzoq yillar davomida — 1935 yildan adibning fojiali o‘limiga qadar bitilgan bo‘lib, mavzulari rang-barang: ularda adabiyot, san’at, falsafa, siyosat, tabiat, ijtimoiy hayot hodisalari, kundalik turmush ikir-chikirlari va boshqalar o‘z aksini topgan.

Adibning shaxsiy yozuvlari bo‘lgan “Yon daftarchalar” u vafot etganidan keyin Fransiyaning “Gallimar” nashriyotida uch jildlik holida chop etilgan. Quyida ushbu asardan olingan o‘quvchilarni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan ayrim qaydlar va fikrlar tarjimasini e’lon qilyapmiz.

***

Men nechun faylasuf emas, san’atkorman! Sababi: fikru yodim g‘oyalar emas, so‘zlar olamida.

* * *

Shifokor eshigi oldida muk tushganlar xuddi daqqi jonivorlarga o‘xshab ketadi.

* * *

Hayotdagi eng muhim masala — odamlar orasida umrguzaronlikni qanday o‘tkazish.

* * *

Bizga “yaratgan obrazingda qiyofa yo‘q”, deb ta’na qilishadi. Biroq, hamma gap shundaki, timsolning o‘zi yuzsiz. To‘nkalardan o‘rnak olishimizni bilmaydigandek, tag‘in muhabbatdan yiroqsizlar, deb yozg‘irishadi…

* * *

Sent-Byo: “Men hamisha shunday faraz qilamanki, mabodo inson zoti bir daqiqa yolg‘ondan to‘xtab, ichidagini oshkor aytsa bormi, jamiyat shu zahoti titilib ketgan bo‘lardi”.

* * *

Gimmlerning vrachi bo‘lib xizmat qilgan (va Daxaudan yaxshi xabardor bo‘lgan) Karl Gerxardning so‘nggi so‘zlari:

“Dunyoda hali ham adolatsizlik borligidan afsusdaman”.

* * *

1905 yil inqilobi Moskvadagi bosmaxonalardan birining ishchilari ishbay haq to‘lanishida nuqtalar va vergullarning ham harf qatorida sanalishini talab qilib, ish tashlashidan boshlangan…

* * *

Moskva Kommunasi paytida Quvurlar maydonidagi to‘plar o‘qidan vayron bo‘lgan bino oldida o‘lik jasadidan kesib olingan bir parcha go‘sht solingan likopcha turar va uning tagida shunday yozuv bor edi: “Jabrdiydalarga madad uchun o‘z hissangizni qo‘shing”.

* * *

Stolipinning qotili Dmitriy Bagrovga shohona iltifot ko‘rsatildi — u frak kiygan holida osilish baxtiga muyassar bo‘ldi.

* * *

Insonni o‘limga hukm qilish — uni odam bo‘lib olish imkoniyatidan mahrum qilish demakdir.

* * *

Yollash. Qalami uchidan uchqun chiqmagan adiblarning ko‘pchiligi o‘zlarini kommunistlar safiga urishayapti. Bu — san’atkorlarga tepadan qarab turish imkonini beradigan yagona ilinj. Shu ma’noda kommunistlar — tolei chopmaganlar partiyasi. Tabiiyki, bu qo‘rg‘onning darvozalari tirband.

* * *

Dostoyevskiy mazmunidan ko‘ra, bu hayotning o‘ziga ko‘proq muhabbat qo‘yish kerak, deydi. To‘g‘ri, darhaqiqat, hayotga muhabbat so‘nganida uning mazmuni ham o‘z-o‘zidan o‘chib qoladi.

* * *

“Dorilbaqoda qabr degan bir qasr borligining o‘ziyoq dilga sevinch bag‘ishlaydi”.

* * *

Marksizm — qozibozlikka g‘ij-g‘ij to‘lib, huquq ilmi anqoning urug‘iga aylangan falsafadir.

* * *

Qullarga ehtiyoj mo‘l joyda imkoni boricha ko‘proq musiqa ijod qilinishi zarur. Tolstoyning aytishicha, bir nemis knyazi shunday fikrda bo‘lgan ekan.

* * *

Tolstoyning ish stolida qolib ketgan oxirgi, tugallanmagan asari shunday nomlangan: “Dunyoda gunohkorning o‘zi yo‘q”.

 

«Jahon adabiyoti» jurnalining 2003 yil, 10-sonidan.