Yosh veterinar, chorvador va biotexnologlarga ish joyi bormi?
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali bilan hamkorlikda «Zamonaviy kadrlar tayyorlash, iqtidorli yoshlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bandligini ta’minlash istiqbollari» mavzusida ochiq muloqot hamda “Karera kunlari” - bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitetning bitiruvchi kurs talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Ish beruvchilar va viloyat hokimligining mas’ul idoralari vakillariga ta’lim maskani va bu yerda tayyorlanayotgan mutaxassislar xususida ma’lumot berildi. Jumladan, bugungi kunda universitetda 6164 nafar talaba va magistrant tahsil olmoqda. Joriy o‘quv yilida bitiruvchilar bakalavr kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 705 nafar, sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha 214 nafarni tashkil etadi.

Muloqot davomida viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Feruz Abilov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali rahbari Xurshid Nazarov, viloyat veterinariya va chorvachilik boshqarmasi boshlig‘i Alisher Nurullayev va viloyatning boshqa mutasaddi rahbarlari ishtirok etib, bitiruvchi talabalarning savollariga javob berdi. Rahbarlar tomonidan qishloq xo‘jaligi va veterinariya sohasida bugungi kunda qanday mutaxassislarga talab mavjudligi, mutaxassislar davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirishda qanday bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerakligi, viloyatda veterinariya va qishloq xo‘jaligi sohasida kutilayotgan yangi loyihalar, istiqbolli vazifalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Tadbir davomida Agentlik viloyat filiali tomonidan vacancy.argos.uz hamda test.argos.uz platformalardan foydalanish yuzasidan taqdimot namoyish etildi.
Karera kunida viloyatning 50 ga yaqin korxona, tashkilot va chorvachilik klasterlari 400 tadan ortiq vakant lavozimlar va bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Universitetning uchinchi va to‘rtinchi bosqich talabalari hozirda ishlab chiqarish amaliyotlarini ish taklif etilgan korxona, tashkilotlarda o‘tash va kelgusida potensial ish bilan ta’minlanish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, bitiruvchi talabalarning 150 nafarga yaqini ish beruvchilar bilan shartnoma imzoladi.