Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yuksak e’tibor uchun tashakkur!

Yoshim saksondan oshdi. Yaqinda ozgina betob bo‘lib qoldim. Issiq jon – isitmasiz bo‘lmaydi. Tan biroz shifo istabdi. Maylida... Shifoxonadaman. Ishdan uzoqroqda. Bunday lahzalarda odam ko‘p narsalarni tahlil qilar, o‘ylar ekan. Ba’zan xayol olib qochadi. Ko‘ngil qurg‘ur beixtiyor savolga ham tutadi: nimaga ulgurdim, to‘g‘ri yashadimmi, yaqinlarim mendan rozimi... degandek.

Yo‘q, yo‘q... Bu tushkunlik emas. Shunchaki, hammada ham kechadigan tuyg‘ular shekilli... Endi buyog‘i yosh ham emasmiz. Keksalikda odamning ko‘ngli ham noziklashib qolar, bir og‘iz shirin so‘zga mahtal bo‘lib, bir chimdim e’tibordan boshi osmonga yetar ekan.

Bilasizmi? Kecha mening hayotimda yana bir unutilmas voqea bo‘ldi. Prezident mening holimni so‘rab, shifoxonaga keldi...

Allohga behisob shukur, umrim davomida ko‘p yaxshi insonlarga ro‘baro‘ keldim. Oqibatli, mehridaryo, fidoyi... Ular orasida Shavkat ­Miromonovich baribir o‘zgacha, ajralib turadi. Samarqand viloyatini boshqargan kezlarda men bu insonning kelajakda yurtga rahbar bo‘lishi zarurligini ko‘nglimdan ko‘p bor o‘tkazganman. Bilasizmi, O‘zbekis­ton u kishiga ovoz berganida men kabi shodlangan yana bormikan, deb o‘zimga savol berganlarimni esladim. Chunki chin fidoyilik, vatanparvarlik, odamiylik hammasi bir insonda bu qadar mujassam bo‘lgani kamdan-kam uchraydi. Oqibati, mehridaryoligining cheksizligini ayting. Shu bois, Alloh bizga bu insonni xalqimizni suyganidan bergan, deb ishonaman.

Samarqandga kelib qanchadan qancha muhim loyihalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, yangi topshiriqlarni berib, ko‘plab uchrashuvlardan ortib, yana vaqt ajratib meni ham yo‘qlab kelishlari... Mening ahvolimdan xabar olib turganlari, shifokorlardan kunda-kunora surishtirib turganlari ustiga...

Boshim osmonga yetdi! Muhtaram Yurtboshimga ta’zimdaman. Mening kamtarona xizmatlarimni e’tiborga olgani, xabar olib, yana deng, «bizga keraksiz, Samarqandga keraksiz, hali hammasi yaxshi bo‘ladi», degan samimiy dil so‘zlarini eshitib, yosh boladek quvonchim ichimga sig‘may ketdi, ko‘zlarim yoshlandi.

Rahmat Sizga muhtaram zot, bu oqibat, bu g‘amxo‘rligingizdan behad shod bo‘ldim, tanim quvvatlandi, ruhim shodlandi...

Alloh nasib etsa, yurtga hali ko‘p xizmat qilishga chog‘lanib turibman...

Hasan NORMURODOV,
O‘zbekiston Qahramoni,
Oliy Majlis Senati a’zosi