Ziyoratgoh va qabristonlarda ommaviy hashar uyushtirildi

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan o‘tgan hafta shanba va yakshanba kunlari barcha shahar hamda tumanlardagi qabristonlarda hashar tashkil etildi.

– Ikki kun davomida mavjud qabristonlarning katta qismida hashar o‘tkazildi, – deydi viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov. – Unda taxminan, 20 mingga yaqin fuqaro ishtirok etdi. 7 ming metrga yaqin ariqlar tozalanib, 45 tonnadan ortiq chiqindi chiqarib tashlandi. Shuningdek, 720 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, 4500 tupdan ortiq daraxt oqlandi va 560 ta qabrning usti somonli loy bilan qoplandi.

Shunday hashar Samar­qand shahridagi "Nayman" hamda Oqdaryo tumanidagi "Dahbed" va "Jarqishloq" qabristonlarida ham tashkil etildi. Hasharda obodonlashtirish, tozalik ishlarida tashkilotchilar, mahalla ahli ishtirok etdi. Natijada hudud shox-shabbalardan, qabriston atrofi chiqindilardan tozalandi va ariq yo‘llari ochildi.

– Erta tongdan hashar bo‘lishini eshitib, mahallamiz va qo‘shni Bozorjoy, Dahbed, Paxtaobod mahallalaridan yoshu qari kelishdi, – deydi Oqdaryo tumanidagi Alisher Navoiy nomli mahalla raisi Rajab Jumayev. – Qabristonlar tozaligi va obodonchiligi uchun o‘tkaziladigan hashar insonga mehr-oqibat, odamiylikdan saboq beruvchi bebaho tarbiyaviy ahamiyatga ega tadbir sanaladi. Buni anglagan mahalladoshlarimiz hasharda birdamliklarini ko‘rsatishdi.

Bahorning ilk oyi yakuniga qadar shanba va yakshanba kunlari joylarda xuddi shunday hashar tadbirlari davom ettiriladi.

Boboxon PO‘LATOV.