Ziyovuddin zamonaviy shaharcha bo‘ladi
Avval xabar berganimizdek, joriy yilda Paxtachi tumani markazi – Ziyovuddin shaharchasida Jizzax viloyati Gagarin shahri tajribasi asosida keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Avvalo, tumanda viloyat hokimining o‘rinbosari B.Nurullayev rahbarligida shtab tashkil etilib, mutasaddi idora va tashkilotlar jalb etilgan holda shaharchaning yangi, zamonaviy ko‘rinishi arxitektura loyihalari tayyorlandi. Qayerda qanday yumushlarni amalga oshirish, eski binolar o‘rnida yangilarini qurish rejalari ishlab chiqildi.
– Shaharchadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari 8 mahalla hududini qamrab olgan, – deydi Paxtachi tumani hokimi o‘rinbosari J.Ismoilov. – 78 ta ko‘chada ta’mirlash ishlari olib boriladi va bu jarayon boshlangan. Ayniqsa, Istiqlol, Q.Suyunov, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek ko‘chalarida yo‘lni kengaytirish, piyodalar yo‘laklari qurish ishlari jadal suratda davom etmoqda.
Loyihaga ko‘ra, shaharchadagi 200 ga yaqin xonadon, bir qator noturar joy ob’yektlari o‘rnida ko‘p qavatli va namunaviy loyihadagi arzon uy-joylar quriladi. Uy-joyi buziladigan oilalarga kompensatsiya to‘lovlari to‘lab beriladi yoki ular turar-joy bilan ta’minlanadi.
Shahardagi deyarli barcha ma’muriy binolar, korxona va tashkilotlar yangidan buyon etiladi, rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, davlat xizmatlari ko‘rsatish markazi, mehmonxona, madaniyat saroyi, avtoboshbekat, tekstil korxonasi, stadion, har bir mahalla hududida sport maydonchalari, mahalla markazlari, maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari yangidan quriladi. Istirohat bog‘i kengaytiriladi.
Shahargacha kirishdagi xiyobon va xotira maydoni atrofida kutubxona, dam olish maskanlari, hunarmandlar markazi tashkil etiladi.Ayni paytda Ziyovuddinda tumandagi va viloyat qurilish tashkilotlari quruvchilari, yo‘lsozlar tomonidan loyiha asosida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
O‘z navbatida aholi ham uy-joyi va xonadoni atrofini shaharchaning yangi qiyofasiga mos holda ta’mirlamoqda, hududni obodonlashtirish ishlarida ishtirok etayotir. Bu yumushlarni amalga oshirish uchun ularga qurilish materiallari hokimlik tomonidan yetkazib berilmoqda.
G‘.HASANOV,
B.MUSTANOV (foto)