Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Pushkinning bevasi buyuk shoirni unutmadi, har juma uning uchun motam tutdi

Maktabda adabiyot fanini yoqtirmaganlar ham buyuk rus adibi Aleksandr Sergeyevich Pushkinning qanday vafot etgani haqida bilishsa kerak. 1837 yilning qishida Sankt-Peterburg shahri chekkasida, Chyornaya daryosi hududida ikki yigit duel uyushtirdi. Ularning biri Pushkin edi, ikkinchisi - fransuz zobiti Jorj Dantes. To‘qnashuv chog‘ida Pushkin og‘ir jarohatlandi va halok bo‘ldi.

Shundan keyin Pushkinning rafiqasi Natalya Goncharova (Pushkina)ning umri g‘iybat va tuhmatlar soyasida o‘tdi. Uning ortidan har burchakda “yengiltabiat”, degan so‘zlar eshitilardi. Uni ochiqcha toshbag‘irlik va bevafolikda ayiblashdi. Biroq ojizaning haqiqiy o‘y-kechinmalarini juda kamchilik odamlar his qilardi.

Настоящая история вдовы Пушкина, о которой не рассказывают на уроках литературы

Sevgilisining fojiali o‘limi Goncharova uchun haqiqiy zarba bo‘ldi. Kamiga g‘iybatchilar uni dahoning o‘limida aybdor hisoblashardi. Uning ustiga 25 yoshli Natalya Nikolayevna 4 nafar yosh bolasi bilan yolg‘iz qolib ketdi. Og‘ir judolikdan so‘ng u xastalanib yotib qoldi. Biroz sog‘lig‘ini tiklaganidan so‘ng Sankt-Peterburgni tark etishga qaror qildi.

Pushkinning bevasi Kalujskoye imeniyesidagi (yer-mulk) polotno to‘qiydigan zavodda ishlovchi onasi va akasining yoniga ko‘chib ketdi. U yerda u yolg‘izlik va tinchlikda hayot kechirdi. Hech qayerga chiqmadi va kamdan-kam holatlarda mehmon qabul qilardi. Turmush o‘rtog‘iga va’da berganidek, u ikki yil a’za tutdi va Mixaylovskiydagi qabristonga faqat bir marotaba bordi – erining qabriga yodgorlik o‘rnatish uchun.

Настоящая история вдовы Пушкина, о которой не рассказывают на уроках литературы

(“Qishloqqa ket. Ikki yil menga a’za tut. Keyin turmushga chiq - faqat yaxshi insonga”. A.S.Pushkin (A. Kuznetsovaning “Sening qalbingni sevaman” kitobidan).

Ikki yildan so‘ng Natalya Nikolayevna Sankt-Peterburgga qaytdi. Biroq keng ommada ko‘rinish berishga shoshilmadi. Hashamatli ziyofatlar va ommaviy tadbirlar uni qiziqtirmasdi. Asosiy vaqtini farzandlariga bag‘ishlashni afzal ko‘rdi. Farzandariga dars o‘tdi, ularning ta’lim olishi bilan shug‘ullandi. Uning bilimi farzandlarining kelajagi uchun kamlik qilishini sezganidan so‘ng u vasiylik kengashidan farzandlarining ta’lim olishi uchun mablag‘ ajratishni so‘radi. U farzandlarining otasi kabi ilmli bo‘lishini orzu qilardi. Lekin mablag‘i yetishmaganligi tufayli u bu ishni mustaqil qilolmasdi.

Yopiq hayot kechirishiga qaramasdan, bu holat Pushkinning bevasi uchun Sankt-Peterburgda eng maftunkor ayollardan biri bo‘lishiga xalaqit qilmasdi. Uning latofati yuraklarni zabt etardi. Tashqi sovuqqonligiga qaramasdan, Natalya Nikolayevna Goncharova ko‘pchilik erkaklarni o‘ziga rom etardi. Shuning uchun taniqli va badavlat kuyovlar Pushkin xonadoni ostonasidan arimay qoldi. Ammo Pushkin haqidagi xotiralar bilan yashashda davom etayotgan ayol ularning hech biriga turmushga chiqishga rozi bo‘lmadi.

Настоящая история вдовы Пушкина, о которой не рассказывают на уроках литературы

Adibning vafotiga yetti yil to‘lgandan keyin Pushkinning bevasi eri o‘limi oldidan aytgan o‘sha yaxshi insonni uchratdi.

Natalya Nikolayevnaning akasi bilan birga xizmat qilgan 45 yoshli, unchalik badavlat bo‘lmagan general-leytenant Pyotr Petrovich Lanskiy o‘zini ashaddiy bo‘ydoq deb hisoblardi. U uzoq vaqt Goncharovlar xonadoni bilan do‘stona munosabatda bo‘lib, o‘zi ham sezmagan holda bu oilaga ko‘nikib, Pushkinning bolalarini o‘z farzandlaridek yaxshi ko‘rib qoldi.

Bir qancha vaqt o‘tgandan keyin Lanskiy Natalya Nikolayevnaning qo‘lini so‘radi va beva ayol unga rozilik berdi. 1844 yil 16 iyul kuni ular qonuniy nikohdan o‘tishdi. Ular kichkina va kamtar to‘y qilishdi. To‘yda mehmonlardan faqat yaqin qarindoshlar ishtirok etdi. Bir yildan so‘ng Lanskiylar oilasida qizcha dunyoga keldi. So‘ng ular yana ikkita farzand ko‘rishdi.

Настоящая история вдовы Пушкина, о которой не рассказывают на уроках литературы

Pushkinning yaqin do‘stlari Natalya Nikolayevnaning Lanskiy bilan turmushini va ularning oilasida hukmronlik qilayotgan sevgi va hurmatni ma’qullashdi.

G‘iybat va mish-mishlardan bezor bo‘lgan Natalya Nikolayevna ikkinchi turmushidan so‘ng oilasi haqida g‘iybatlar tarqalishiga zarracha imkon bermadi. Yaqinlarining baxtini hayotining eng qimmat xazinasidek asradi.

Natalya Nikolayevnaning sog‘lig‘i har doim ham yaxshi bo‘lmagan. U qish mavsumida doimo shamollab qolar va kuchli yo‘talardi, uzoq muddat betob bo‘lib yotib qolardi. 1863 yilning kuzida Natalya Nikolayevna qattiq shamolladi. Xastalikdan kuchsizlanib, unga qarshi ko‘rasha olmadi va 51 yoshida vafot etdi.

U Pushkindan 26 yil ko‘p umr ko‘rdi. Ammo u hech qachon buyuk shoirni unutmadi. Pushkin vafot etgan juma kuni uning uchun motam kuni edi. Har juma u ovqatlanishdan bosh tortardi, hech qayerga chiqmasdi va mehmon ham qabul qilmasdi.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.