Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Uyda qolib, oilangizni, yaqinlaringizni - dunyoni asrang!

Butun dunyo xalqlari qatorida biz ham o‘ta murakkab sharoitda koronavirus deb atalmish ko‘rinmas yov bilan ro‘baro‘ keldik. Mamlakat miqyosida karantin rejimi e’lon qilindi.

Bu nima degani? Rahna solib turgan xavf juda katta va kutilmagan bo‘lgani uchun undan saqlanish, betalafot chiqish uchun ehtiyotlikka rioya etish degani.

Karantin, avvalo, tartib-intizom va shaxsiy namuna talab qilinadigan qoidalarga so‘zsiz bo‘ysunish, o‘zni toza va pok saqlash degani.

Karantin nafaqat o‘zini balki, yaqinlari, o‘zga fuqarolar hayotini ham o‘ylash, jamiyat va xalq oldida mas’uliyatli bo‘lish degani.

Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan koronavirusdan saqlanish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar shoshilinch tarzda, o‘z vaqtida boshlangani va keng ko‘lamda ish olib borilayotganidan har kuni, har daqiqa xabardormiz.

Bu ko‘rinmas balo qayerdan, qachon kelishini bilmaymiz. U kichik bir zarra bo‘lsa-da, dunyoni alg‘ov-dalg‘ov qila boshladi.

Bu ko‘rinmas dushmanga “Qani kel, qo‘lingdan nima keladi?” deb emas, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ma’rifatimiz va ma’naviyatimiz, metin irodamiz bilan, qadriyatlarimizdan kuch olib, hamjihatlikda qarshi chiqishimiz kerak.

Bu vabo shaxsiy himoya tufayligina o‘zgalarga o‘tmaydi.

Shu bois ko‘rinmas dushmanga ko‘rinmaslikka harakat qilib, eng mustahkam qo‘rg‘onimiz - uyimizda o‘tirib, unga qarshi kurashishimiz kerak. O‘zimizni asrasak, oilamizni, oilamizni asrasak, qarindosh, el, Vatanimizni asragan bo‘lamiz.

Hozir har kuni internet va televideniye yangiliklaridan xabardor bo‘lib turibsiz. Unga qarshi o‘ta jiddiy munosabatda bo‘lish talab etilyapti.

O‘ylab ko‘ring, Amerikada nima bo‘lyapti? Rivojlangan, ammo qadriyatlaridan uzoqlasha boshlagan Ispaniya, Fransiya, Italiyada-chi?

Davlat rahbarlari tomonidan o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rilmagani, koronavirusga bepisand qaralgani, o‘zboshimchalik, tartibsiz hayot kechirish, o‘zaro mehr-oqibatning yo‘qolib borayotgani, talab etilayotgan oddiy qoidalarni mensimaslik tufayli virus yoyilib, o‘rchib ketmadimi?

Bizda esa bu ofatga o‘z vaqtida baho berildi. Prezidentimiz tomonidan barcha zaruriy choralar ko‘rildi va ko‘rilmoqda.

Tegishli tashkilotlar, ayniqsa, shifokorlar koronavirusni to‘xtatib qolish uchun hayotini tikib, kecha-yu kunduz ter to‘kishyapti. Ular o‘z jonlarini xavf-xatarga qo‘yib, xalqimizning sog‘lig‘ini o‘ylashmoqda. Bizni tinimsiz ogohlik va hamjihatlik, tartib-intizomni buzmaslikka chaqirib turgan Milliy gvardiya, ichki ishlar, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlarining beqiyos xizmatlari tufayli barqarormiz. Ularga chin yurakdan rahmat aytamiz.

Bizchi? Biz fuqarolar shu jonkuyarlik, karantin talablariga rioya etayapmizmi? Niqob taqish, masofa saqlash, uydan chiqmaslikdek oddiy, ammo juda zarur shartlarga so‘zsiz rioya etishimiz kerak bo‘la turib, o‘zimizni ko‘rinmas tig‘ga uryapmiz. Karantin davrida ko‘chaga chiqib yurish ajal urug‘ini yelkalab yurish bilan barobar. Talab etilayotgan qoidalarga asosan har bir kishi nafaqat mashina yoki velosipedda yurishi, balki jamiyatdan alohida, karantin talablarini so‘zsiz bajarishi kerak.

Yana bir gap. Uyda qolib, oila davrasining issiq taftidan bahramand bo‘lyapmiz. Ko‘pchiligimiz ota-ona yonida, kimdir yosh bolalari bilan karantin davrini o‘tkazyapti.

Hamjihatlikda ko‘p narsalarni muhokama etsa bo‘ladi:

- oilaviy yangi loyihalarni ishlab chiqish;

- bolalariga dars tayyorlashda, kitob tanlashda ko‘maklashish;

- yoshi ulug‘lardan hayotiy va foydali pand-nasihatlar eshitish;

- tinchlik va sog‘lig‘imizning qadriga yetish fursati paydo bo‘ldi.

Biz, ijodkorlar farzandlarimiz va aholiga ijtimoiy tarmoqlar orqali elektron va audio kitoblarni tavsiya qilib boryapmiz. Yoshlar ularni o‘qib dunyoqarashlarini oshirishsa, sevimli kitoblaridagi obrazlar bilan yashab, xayrli va ezgu ishlarni ko‘ngillariga tugib qo‘ysa, Vatan uchun doimo jasorat ko‘rsatishga shay tursalar, biz xursand bo‘lamiz. Adabiy qahramonlarimiz Siz bo‘lasiz.

Allomalardan biri Fath Musaliy shunday deydi:

Kasalga obi-taom berilmasa o‘lgani kabi, qalbga ham uch kun ilm berilmasa, u o‘ladi”. Shunday ekan, ayni karantin kunlarida kitob va donolar suhbati qalbimizga eng yaxshi quvvatdir.

Bu hayot taqozosi. Inson insonligicha qolishi kerak. Demak, odamlar odam bo‘lib qolishi uchun bilagi kuchi emas, yurak quvvati, ma’naviyati va ilmi bilan olamni obod qilishi uchun ham ko‘proq o‘qishi kerak.

Toshpo‘lat TUGALOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari.