65 nafar yurtdoshimiz «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 martdagi «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qarori bilan mamlakatimizning barcha hududlarida madaniyat va san’at sohasida uzoq yillardan buyon fidokorona xizmat qilib kelayotgan jonkuyar xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida «Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Bugun, 13 dekabr kuni Madaniyat vazirligida mazkur nishonga munosib topilgan xodimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur qaror madaniyat va san’at ahli uchun orziqib kutilgan tarixiy voqea bo‘ldi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan ushbu sohada vatanparvarlik bilan xizmat qilib kelayotgan madaniyat va san’at ahli ushbu hodisani katta quvonch va o‘zgacha faxr bilan kutib oldi. O‘z navbatida, ko‘krak nishonining ta’sis etilishi Hukumatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan alohida e’tibordan dalolat beradi.

Mazkur ko‘krak nishonining ta’sis etilishi bilan respublikamizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, O‘zbekiston madaniyati va san’ati rivojiga katta hissa qo‘shgan taniqli san’atkorlar, dunyo sahnalarida iqtidorini muvaffaqiyatli namoyish etib kelayotgan yoshlar va ularning ustozlari, madaniyat va san’at sohasida malakali kadrlar tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatayotgan tajribali, yetuk hamda fidoyi madaniyat va san’at sohasi vakillarini munosib taqdirlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ko‘krak nishoni Yangi yil bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar. Ta’kidlash joizki, ushbu qaror chinakam ma’noda uzoq kutilgan hamda o‘z nomi bilan san’at va madaniyat sohasi fidoyilariga ko‘rsatilgan yuksak ehtiromning ifodasi, yillar davomida ushbu yo‘lda mehnat qilgan insonlarga munosib rag‘batdir.

Ko‘krak nishonini egalariga Madaniyat vaziri B.Sayfullayev topshirib, ularni samimiy muborakbod etdi. O‘z navbatida, taqdirlanganlar ham o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.

 

«Madaniyat va san’at fidokori» ko‘krak nishoni sovrindorlari orasida Samarqand viloyatidan quyidagilar bor:

 

Pardayev Tuyma - Samarqand viloyat musiqali drama teatri sahna ustasi.

Bobonazarova Xalima - Narpay tumanidagi 13-bolalar musiqa va san’at maktabining an’anaviy dutor sinfi o‘qituvchisi.